Voqealar
01.08.2026
|
261
MOXIda Finlyandiyaning yangi elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2026-yil 29-iyul kuni Markaziy Osiyo xalqaro institutida (MOXI) Institut direktori Javlon Vaxabovning Finlyandiyaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan Elchisi Yoxanna Mariya Ogren bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston–Finlyandiya hamkorligining dolzarb masalalari, Markaziy Osiyo va Shimoliy Yevropa mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, ikki mintaqa ekspert doiralari o‘rtasidagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

J.Vaxabov Finlyandiya Prezidentining 2025-yilda O‘zbekistonga rasmiy tashrifi O‘zbekiston–Finlyandiya munosabatlari rivojida muhim bosqich bo‘lib, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, sanoat va innovatsiya sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun zamin yaratganini ta’kidladi.

Y.M.Ogren ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning izchil rivojlanayotganini yuqori baholab, Finlyandiya tomonining O‘zbekiston va Markaziy Osiyo bilan o‘zaro aloqalarni kengaytirishga qiziqishi ortib borayotganini qayd etdi.

Diplomat tahliliy tuzilmalar o‘rtasida ekspertlar almashinuvini faollashtirish ikki tomonlama va mintaqalararo aloqalarni chuqurlashtirishga qaratilgan amaliy tashabbuslarni ishlab chiqish vositasi ekanini alohida ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar MOXI va Finlyandiyaning “aql markazlari” o‘rtasidagi amaliy va ekspert-tahliliy muloqotni yanada rivojlantirishdan, shuningdek, Shimoliy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.

Ma’lumot o‘rnida: Joriy yilning 27-iyul kuni I.M. Ogren O‘zbekiston Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirgan. Yangi elchi Finlyandiyaning Rossiya, Belarus, Litva va Ukrainadagi diplomatik vakolatxonalarida 20 yildan ortiq ish tajribasiga ega.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom