Voqealar
18.05.2026
|
193
MOXIda germaniyalik ekspert bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 30-aprel kuni Markaziy Osiyo xalqaro institutida (MOXI) Sharqiy Yevropa va xalqaro tadqiqotlar markazi (ZOiS)ning xalqaro rivojlanish bo‘yicha eksperti Valentin Kryusmann bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida transport bog‘liqligi, Markaziy Osiyoning mintaqaviy rivojlanishi hamda ekspertlararo hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Germaniyalik ekspert O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning tizimli xususiyatini yuqori baholab, ularning dunyoda mamlakatga nisbatan mutlaqo yangi darajadagi ishonchni shakllantirishdagi rolini alohida ta’kidladi.

Yangi transport koridorlarini shakllantirishning ortib borayotgan ahamiyati, xususan, O‘rta (Transkaspiy) yo‘nalishini rivojlantirish hamda “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temiryo‘l loyihasining mintaqani “global quruqlik chorrahasi”ga aylantirishdagi o‘rni qayd etildi.

Shuningdek, Afg‘onistonni infratuzilmaviy loyihalarga, jumladan, Transafg‘on temiryo‘liga jalb etish, shuningdek investitsiyalarni jalb qilish, energetika va logistika sohalarida Yevropa Ittifoqi bilan strategik sheriklikni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.

“Markaziy Osiyo – Germaniya” tahlil markazlari Xiva forumi ikki tomonlama va ko‘p tomonlama ekspertlar hamkorligini institutsionallashtirishning nihoyatda samarali platformasi ekanligi alohida qayd etildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar global noaniqlik sharoitida ekspertlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, aloqalarni davom ettirish, shuningdek mintaqaning transport arxitekturasi rivojini monitoring qilish va qo‘shma tahliliy baholar tayyorlashdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom