Uchrashuvda tomonlar mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar, shuningdek, ekspertlar muloqotini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Suhbat avvalida J.Vaxabov suhbatdoshlarni MOXI faoliyati, uning maqsad va vazifalari bilan tanishtirdi, Markaziy Osiyodagi hamkorlikning zamonaviy jarayonlari va "MO plyus" platformalari doirasidagi mintaqa davlatlarining o‘zaro hamkorligi haqida batafsil ma’lumot berdi.
O‘z navbatida, R.Naftaliy O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tashqi siyosatini yuqori baholadi.
Uchrashuv ishtirokchilari, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining suv resurslarini boshqarish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha izchil qadamlarini yuqori baholadilar.
Isroil tomoni amaliy hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini bildirib, suvni tejash, suv resurslarini boshqarish va barqaror rivojlanish texnologiyalarini joriy etishni istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni rivojlantirish hamda ikki mamlakat tahliliy va ilmiy-tadqiqot tuzilmalari o‘rtasida muntazam ekspertlar muloqotini yo‘lga qo‘yishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.