Tadbir Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlatlari rahbarlarining joriy yilning 31-iyul kuni Cho‘lpon-Otada bo‘lib o‘tgan norasmiy uchrashuvi hamda 8-oktabr kuni Avazada o‘tkazilgan VIII Maslahat uchrashuvi yakunlariga bag‘ishlandi.
Muloqotning asosiy maqsadi sammitlarning muhim natijalarini, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon yetakchilari tomonidan ilgari surilgan tashabbus va kelishuvlarni birgalikda amalga oshirish istiqbollarini muhokama qilish, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, transport o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash hamda mintaqaviy hamkorlikning yangi mexanizmlarini shakllantirishdan iborat bo‘ldi.
Ekspertlik-diplomatik muloqotda xorijiy mamlakatlarning Toshkentdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, vazirlik va idoralar, ishbilarmon doiralar hamda yetakchi tahliliy va ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari qatnashdi.
«Markaziy Osiyo va Ozarbayjon: ishonch va hamkorlikka asoslangan yangi siyosiy muhit» mavzusidagi ekspertlik-diplomatik muloqotni ochib berar ekan, MOXI direktori Javlon Vaxabov Cho‘lpon-Ota va Avazada bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarning ahamiyati erishilgan kelishuvlar doirasidan ancha keng ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, ushbu uchrashuvlar Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2016-yilda boshlangan O‘zbekiston yangi tashqi siyosiy yo‘nalishining o‘n yilligi arafasida bo‘lib o‘tdi va mintaqa bosib o‘tgan yo‘lni sarhisob qilish imkonini bermoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin vaqtgacha Markaziy Osiyoning siyosiy salohiyatining katta qismi to‘planib qolgan ziddiyatlarni bartaraf etishga sarflangan bo‘lsa, bugungi kunda mintaqada mutlaqo yangi, yaxshi qo‘shnichilik muhitini shakllantirishga erishildi. Ushbu o‘zgarishlarning muhim mexanizmi davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari bo‘ldi. Ozarbayjonning mazkur formatdagi to‘laqonli ishtiroki esa hamkorlikka yangi mintaqalararo mazmun bag‘ishlab, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazni yanada yaqinlashtirdi.
J.Vaxabov navbatdagi qadam sifatida o‘zaro savdo hajmini shunchaki oshirishdan jahon bozorlarida talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni birgalikda ishlab chiqarishga o‘tish zarurligini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, bu boradagi ishlarning muvaffaqiyati qabul qilingan hujjatlar soni bilan emas, balki amalga oshirilgan loyihalar, yangi ishlab chiqarish quvvatlari va yaratilgan ish o‘rinlari, shuningdek, fuqarolar farovonligining oshishi bilan belgilanadi.
«Agar yangi mintaqaviy siyosatning dastlabki o‘n yilligi siyosiy ishonch davri bo‘lgan bo‘lsa, kelgusi o‘n yillik iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik belgisi ostida o‘tishi lozim», — deya xulosa qildi u.
Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchisi Rashad Mammadov o‘z nutqida bugungi kunda Markaziy Osiyoda yuz berayotgan chuqur o‘zgarishlar hamda yangi siyosiy makon shakllanayotganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ilk bor to‘laqonli olti tomonlama formatda o‘tkazilgan sakkizinchi Maslahat uchrashuvi umumiy manfaatlar bilan bog‘liq davlatlar yaqinlashuvining tabiiy jarayonini aks ettiruvchi tarixiy voqea bo‘ldi.
Ozarbayjonning ushbu formatdagi ishtiroki mintaqaviy ustuvor yo‘nalishlarni muvofiqlashtirish hamda Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Diplomat ta’kidlaganidek, Ozarbayjon uchun Markaziy Osiyo nafaqat tarixiy va madaniy aloqalar bilan bog‘liq mintaqa, balki umumiy strategik manfaatlar, keng iqtisodiy imkoniyatlar va uzoq muddatli sheriklik istiqbollariga ega makondir.
Shu bilan birga, oliy darajadagi siyosiy muloqotni mustahkamlash amaliy hamkorlikni izchil rivojlantirish bilan birga olib borilishi lozim. Shu nuqtayi nazardan, Cho‘lpon-Ota va Avazadagi uchrashuvlarda ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish hamda erishilgan kelishuvlarni aniq mazmun bilan boyitish alohida ahamiyat kasb etadi.
«Bizning kelajagimiz ishonch, o‘zaro bog‘liqlik va umumiy farovonlikka intilishga asoslangan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon birligini mustahkamlashdadir», — deya ta’kidladi Ozarbayjon elchisi.
Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi Yerali Tugjanov ko‘z o‘ngimizda tarixiy ildizlarning mushtarakligi, uzviy iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik hamda yetakchilar va xalqlar o‘rtasidagi samimiy ishonchga asoslangan mintaqalararo hamkorlikning mutlaqo yangi arxitekturasi shakllanayotganini ta’kidladi.
Elchi Ozarbayjon mintaqa mamlakatlari uchun shunchaki Kaspiy dengizi ortidagi qo‘shni emas, balki Yevropaga olib boruvchi tabiiy ko‘prik va Kavkazdagi muhim hamkor ekanini qayd etdi. Ushbu sheriklikning amaliy ifodasi sifatida O‘rta koridorni rivojlantirish ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, bojxona rasmiylashtiruvini yagona tizimda amalga oshirish uchun raqamli platformalar joriy etilmoqda, Aktau va Boku portlarining quvvatlari kengaytirilmoqda, qo‘shma logistika markazlari barpo etilmoqda. Kaspiy dengizi tubidan aloqa liniyalari va energiya kabellarining o‘tkazilishi esa umumiy makonni Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi raqamli hamda energetik ko‘prikka aylantirmoqda.
«Mintaqalarimiz endi Kaspiy dengizi bilan ajralib turmaydi. Kaspiy do‘stlik va mushtarak farovonlik ko‘prigi, bog‘lovchi omilga aylandi», — deya ta’kidladi u.
Sammitlar yakunlarini sharhlar ekan, Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi elchisi Duyshenkul Chotonov Markaziy Osiyo siyosiy muloqot va o‘zaro ishonch makoni sifatida izchil mustahkamlanib borayotganini qayd etdi.
Uning ta’kidlashicha, buning yaqqol namoyon bo‘lishi davlatlarning xalqaro maydondagi o‘zaro qo‘llab-quvvatlashidir. Jumladan, mintaqa mamlakatlari va Ozarbayjonning Qirg‘iziston nomzodini BMT Xavfsizlik Kengashining 2027–2028-yillardagi doimiy bo‘lmagan a’zoligiga qo‘llab-quvvatlagani bunga misol bo‘la oladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Bishkek ushbu a’zolikdan Markaziy Osiyo uchun alohida ahamiyatga ega masalalarni ilgari surishda foydalanishni rejalashtirmoqda.
«Qirg‘iziston Ozarbayjonning ushbu formatga qo‘shilishini tarixan shakllangan aloqalarni kengaytirish, transport o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirish va iqtisodiy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishning tabiiy jarayoni sifatida baholaydi», — deya ta’kidladi u.
Ekspertlik-diplomatik muloqotda so‘zga chiqqan Turkmaniston elchisi Shadurdi Meredov tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va barqaror rivojlanish tamoyillariga asoslangan mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.
Uning qayd etishicha, Ozarbayjonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarida ishtirok etishi ko‘p yillik do‘stona munosabatlar rivojining qonuniy natijasi bo‘lib, hamkorlikni chuqurlashtirish uchun yangi imkoniyatlar ochdi.
Nutqda transport-logistika o‘zaro bog‘liqligi, energetika va sanoat kooperatsiyasi masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Sh. Meredovning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon Sharq — G‘arb hamda Shimol — Janub yo‘nalishlarida, shuningdek, Markaziy Osiyo — Kaspiy dengizi — Janubiy Kavkaz — Yevropa yo‘nalishi bo‘yicha transport koridorlarini rivojlantirish uchun katta salohiyatga ega. Bu jarayonda Turkmanboshi xalqaro dengiz porti hamda Turkmaniston, Ozarbayjon va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish muhim o‘rin tutadi.
Shuningdek, Meredov sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash va barqaror mintaqaviy ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirishga qaratilgan «6 iqtisodiyot — 1 mahsulot» tashabbusining ahamiyatini alohida ta’kidladi.
«Doimiy betaraflik, yaxshi qo‘shnichilik va teng huquqli hamkorlik tamoyillaridan kelib chiqib, Turkmaniston olti tomonlama muloqotni rivojlantirishga bundan buyon ham konstruktiv hissa qo‘shishga tayyor», — deya ta’kidladi u.
Tojikistonning O‘zbekistondagi elchixonasi maslahatchisi Raxshona Sultoniy Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy ishonchni mustahkamlash va amaliy hamkorlikka o‘tish uchun mustahkam asos yaratganini ta’kidladi.
Uchrashuvlarning sakkizta bosqichi davomida salmoqli shartnomaviy-huquqiy baza shakllantirildi, savdo va investitsiyalarni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.
Diplomat Ozarbayjonning ishtiroki hisobiga hamkorlik formatining kengayishiga alohida e’tibor qaratdi.
R. Sultoniy kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlar qatorida qo‘shma investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, savdo to‘siqlarini bartaraf etish, ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish, ilmiy-ta’limiy va madaniy almashinuvlarni rivojlantirishni qayd etdi. Shu bilan birga, erishilgan siyosiy o‘zaro anglashuvni aniq iqtisodiy va gumanitar natijalarga aylantirish asosiy vazifa bo‘lib qolmoqda.
«Har bir davlatning milliy manfaatlarini hurmat qilishga asoslangan ochiq, teng huquqli va pragmatik hamkorlik xususiyatini saqlab qolish ham birdek muhimdir», — deya ta’kidladi R. Sultoniy.
Tadbir doirasida, shuningdek, mintaqaviy hamkorlikning eng dolzarb masalalari, jumladan, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, transport o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash hamda mintaqaviy hamkorlikning yangi mexanizmlarini shakllantirish bo‘yicha ochiq munozaralar bo‘lib o‘tdi.
O‘tkazilgan ekspertlik-diplomatik muloqot Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy ishonchni mustahkamlash, dolzarb masalalarni hal etishda umumiy yondashuvlarni shakllantirish va o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni ilgari surish uchun strategik platforma sifatidagi salohiyatini yana bir bor tasdiqladi.
Ishtirokchilar barcha darajalarda siyosiy muloqotning barqaror sur’atini saqlab qolish, hamkorlar doirasini kengaytirish hamda barqaror rivojlanish va barqarorlik sohasidagi umumiy ustuvor yo‘nalishlarni ilgari surish maqsadida muvofiqlashtirish mexanizmlarini mustahkamlash muhimligiga alohida e’tibor qaratdilar.