Tomonlar mintaqaviy hamkorlikning asosiy masalalarini muhokama qilib, geosiyosiy o‘zgarishlar sharoitida Markaziy Osiyoning strategik istiqbollarini ko‘rib chiqdilar.
Suhbat davomida J.Mosazay O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan do‘stona qo‘shnichilik va ochiq muloqot siyosati mintaqa mamlakatlari o‘rtasida ishonchni mustahkamlashga xizmat qilayotganligini ta’kidladi.
Markaziy Osiyo ijobiy o‘zgarishlar davrini boshdan kechirayotganligi, bunda Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi chegara masalalarini tartibga solinishi muhim bosqich bo‘lganligi ta’kidlandi.
Ekspert M.Axtisaari nomidagi Jamg‘arma Markaziy Osiyoda barqaror tinchlik va barqarorlikni saqlashga qaratilgan tinchlikparvar tashabbuslarni ilgari surishga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi.
Muloqot chog‘ida mintaqaning xavfsizligini mustahkamlash, jumladan, zamonaviy tahdidlarga yondashuvlarni muvofiqlashtirish, savdo-iqtisodiy, transport-logistika va gumanitar sohalardagi sheriklikni kengaytirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishga, shu jumladan ikki tomonlama hamkorlik va ko‘p tomonlama platformalar doirasida amaliy tashriflar va ekspertlar muhokamalarini tashkil etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.