Voqealar
20.05.2026
|
129
MOXIda MOPDMM rahbari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vaxabov BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, Toshkentda bo‘lib o‘tgan mintaqa davlatlari rahbarlarining Yettinchi maslahat uchrashuvi yakunlari, shuningdek, “Markaziy Osiyo+” formatlari doirasida mintaqaning tashqi hamkorlar bilan aloqalarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Javlon Vaxabov Markaziy Osiyo bosqichma-bosqich yillar davomida to‘planib kelgan qarama-qarshiliklarni bartaraf etish davridan ishonch, siyosiy muloqot hamda umumiy makonda tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot uchun mushtarak mas’uliyat hissiga asoslangan yangi mintaqaviy hamkorlik madaniyatini shakllantirish bosqichiga o‘tayotganini ta’kidladi.

O‘z navbatida, Kaxa Imnadze so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda hamkorlikning ijobiy sur’ati kuzatilayotganini qayd etib, mintaqa BMTning tinchlik, muloqot va preventiv diplomatiyaga oid chaqiriqlariga davlatlar qanday amaliy javob berishi mumkinligining yorqin namunasi sifatida ko‘rilishi mumkinligini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar MOXI va MOPDMM o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni davom ettirish, jumladan, mintaqaviy hamkorlik, preventiv diplomatiya va Markaziy Osiyoda tinchlikni mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan qo‘shma tadbirlar hamda muhokamalar o‘tkazish bo‘yicha kelishib oldilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom