Suhbat davomida Markaziy Osiyodagi zamonaviy mintaqaviy jarayonlar, global o‘zgarishlarning mintaqa rivojlanishiga ta’siri, shuningdek, “Markaziy Osiyo – Shimoliy Yevropa” formatida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
J. Vaxabov bugungi kunda Markaziy Osiyo xalqaro jarayonlarning tobora mustaqil va faol ishtirokchisiga aylanib borayotganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, mintaqa davlatlari barqaror rivojlanish, yashil iqtisodiyot, raqamlashtirish, ta’lim, samarali boshqaruv va tinchlik diplomatiyasi sohalaridagi tajribasini inobatga olgan holda shimoliy yevropalik hamkorlar bilan konstruktiv muloqotni kengaytirishdan manfaatdor.

O‘z navbatida, Eivind Vad Petersson Markaziy Osiyoda kechayotgan jarayonlar Norvegiya va Shimoliy Yevropa davlatlari uchun katta qiziqish uyg‘otishini ta’kidladi, chunki mintaqa kengroq Yevrosiyo kun tartibining tobora muhim tarkibiy qismiga aylanmoqda. “Markaziy Osiyo – Shimoliy Yevropa” formatini rivojlantirish tajriba almashish, ekspert muloqotini mustahkamlash hamda barqaror rivojlanish, iqlim, suv xavfsizligi, ta’lim va mintaqaviy barqarorlik yo‘nalishlarida amaliy hamkorlikni ilgari surish uchun yangi imkoniyatlar ochishi mumkinligi qayd etildi.
