O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi muborak bo‘lsin!
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi muborak bo‘lsin!
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi muborak bo‘lsin!
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi muborak bo‘lsin!
Voqealar
09.09.2026
|
249
MOXIda O‘zbekiston–Rossiya hamkorligining raqamlashtirish va sun’iy intellekt sohasidagi istiqbollari muhokama qilindi
Joriy yil 7-sentabr kuni Markaziy Osiyo xalqaro institutida (MOXI) A.M. Gorchakov nomidagi Jamoat diplomatiyasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (RF) bilan hamkorlikda “O‘zbekiston va Rossiyaning raqamli transformatsiyasi: milliy ustuvorliklarning tutashuv nuqtalari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbir davomida O‘zbekiston–Rossiya hamkorligining raqamlashtirish va sun’iy intellekt sohasidagi bugungi holati va istiqbollari, raqamli infratuzilma va kiberxavfsizlikni rivojlantirish, shuningdek, kadrlar salohiyati va biznesni rivojlantirish asosida ikki mamlakat raqamli iqtisodiyotining mushtarak ekotizimini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.

Davra suhbatida O‘zbekiston va Rossiyaning davlat tuzilmalari, Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi valikkari, yetakchi ta’lim, ilmiy-tadqiqot va tahliliy muassasalar, shuningdek, ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdi.

MOXI direktori Javlon Vaxabov O‘zbekiston va Rossiyaning raqamli transformatsiyasi masalalariga bag‘ishlangan davra suhbatining ochilishida so‘zga chiqib, ikki mamlakatning mushtarak raqamli ekotizimini shakllantirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligini ta’kidladi.

Bunday yondashuv oliy darajada erishilgan kelishuvlarga hamohangligi ta’kidlandi. Joriy yil iyun oyida Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Rossiyaning raqamli savdo, zamonaviy servislar, sun’iy intellekt hamda inson kapitali sohasidagi hamkorlikni qamrab oluvchi mushtarak raqamli ekotizimini shakllantirish tashabbusini ilgari surdi.

Vaxabovning ta’kidlashicha, mazkur tashabbus ekspertlar hamjamiyati uchun mazmunli kun tartibini shakllantiradi. Kelgusida ushbu ekotizimning arxitekturasini belgilash, qo‘shma yechimlarni yaratish va milliy tizimlarning o‘zaro mosligini ta’minlash yo‘nalishlarini aniqlash, shuningdek, iqtisodiy manfaatlar, texnologik xatarlar va mas’uliyatni davlat hamda biznes o‘rtasida taqsimlash bo‘yicha yondashuvlarni ishlab chiqish zarur.

U har ikki mamlakat mazkur yo‘nalishda uzoq muddatli maqsadlarni belgilab olganiga e’tibor qaratdi. O‘zbekistonda 2030-yilgacha sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasi amalga oshirilmoqda. Unda sun’iy intellekt asosidagi mahsulot va xizmatlar hajmini 1,5 milliard dollarga, sun’iy intellekt qo‘llaniladigan davlat xizmatlari ulushini esa 10 foizga yetkazish nazarda tutilgan. Rossiyada tegishli vazifalar “Ma’lumotlar iqtisodiyoti va davlatning raqamli transformatsiyasi” milliy loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.

“Ikki mamlakatning mavjud kompetensiyalari bir-birini o‘zaro to‘ldirib, ularning texnologik va kadrlar salohiyatini uzoq muddatli rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan yo‘nalishlarni aniqlash muhim”, – deya ta’kidladi J. Vaxabov.

U shunday ustuvor yo‘nalishlar qatorida barqaror raqamli infratuzilmani rivojlantirish, kibertahdidlar to‘g‘risida axborot almashish hamda ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha o‘zaro mos yondashuvlarni shakllantirishni alohida qayd etdi. Shuningdek, raqobatbardosh raqamli mahsulotlarni yaratish va ularni uchinchi mamlakatlar bozorlariga ilgari surish, shuningdek, uzoq muddatli texnologik hamkorlik uchun malakali kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Aleksey Yerxov sun’iy intellektning davlatlar iqtisodiy va texnologik taraqqiyotidagi ahamiyati tobora ortib borayotganini ta’kidladi.

U hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari qatorida sun’iy intellekt modellarini rus va o‘zbek tillariga moslashtirish, milliy ma’lumotlar bazalari bilan ishlash, davlat xizmatlari, sanoat, bank sektori, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, energetika va iqtisodiyot uchun zamonaviy yechimlarni ishlab chiqishni qayd etdi.

Gorchakov jamg‘armasi ijrochi direktorining o‘rinbosari Sergey Orlov davra suhbatining ochilishida so‘zga chiqib, raqamlashtirish va sun’iy intellekt sohasida O‘zbekiston–Rossiya hamkorligini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, raqamli transformatsiya O‘zbekistonning davlat va jamoatchilik kun tartibida tobora muhim o‘rin egallab, Rossiya bilan texnologik hamkorlikni kengaytirish hamda qo‘shma amaliy loyihalarni amalga oshirish uchun qulay sharoit yaratmoqda.

“O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yetakchi o‘rinlardan birini egallashga intilmoqda va bosqichma-bosqich IT-yechimlar, raqamli platformalar hamda raqamli iqtisodiyotning boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha mintaqaviy xab sifatida shakllanmoqda”, – deya ta’kidladi S. Orlov.

U IT Parkning jadal rivojlanayotgani va O‘zbekiston bozorida raqamli platformalar ishtirokining kengayib borayotganiga e’tibor qaratdi. Ikki mamlakatda to‘plangan kompetensiyalar sun’iy intellekt texnologiyalaridan birgalikda foydalanish, zamonaviy servislarni rivojlantirish va yangi texnologik yechimlarni joriy etish uchun mustahkam asos yaratmoqda.

Orlov O‘zbekiston va Rossiyaning kompetensiyalarini birlashtirish raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish hamda o‘zaro manfaatli texnologik hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi Behzod To‘xtamurodov O‘zbekiston–Rossiya hamkorligini sun’iy intellekt sohasida rivojlantirish huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish bilan uyg‘un tarzda olib borilishi lozimligini ta’kidladi.

O‘z navbatida, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (MGIMO) Xalqaro tadqiqotlar instituti direktori Maksim Suchkov Rossiya–O‘zbekiston hamkorligini kiberxavfsizlik sohasida amaliy bosqichga olib chiqish zarurligiga e’tibor qaratib, muhim infratuzilma obyektlari, ma’lumotlar va davlat raqamli xizmatlarini himoya qilish borasida birgalikdagi ishlarni kuchaytirish muhimligini qayd etdi.

Sun’iy intellektni rivojlantirish istiqbollari haqida so‘z yuritar ekan, “Oliy iqtisodiyot maktabi” Milliy tadqiqot universitetining O‘rta yer dengizi tadqiqotlari markazi direktori Yekaterina Entina alohida e’tibor va o‘z vaqtida tegishli choralar ko‘rishni talab etuvchi to‘rtta asosiy xavfni ajratib ko‘rsatdi. Xususan, u sun’iy intellekt tizimlarining jadal va yetarlicha nazorat qilinmagan holda rivojlanishi, geosiyosiy beqarorlik va uning investitsiyaviy salohiyatga ta’siri, raqamli sohada raqobatning kuchayishi, shuningdek, texnologiyalar ta’lim tizimlarining ularga moslashish sur’atidan tezroq rivojlanayotgani sababli yuzaga kelayotgan malakali kadrlar taqchilligiga e’tibor qaratdi.

School 21 Uzbekistan ijrochi direktori Zarina Luxmanova ta’lim sohasiga va raqamli kompetensiyalarni rivojlantirishga sarmoya kiritish zarurligini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, bu raqobatbardosh kadrlar salohiyatini shakllantirish hamda raqamli iqtisodiyotning barqarorligini oshirishga xizmat qiladi.

Tadbir doirasida sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, raqamli soha uchun kadrlar tayyorlash hamda ikki mamlakat texnologik kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma loyihalar bo‘yicha amaliy takliflar muhokama qilindi.

Ishtirokchilar O‘zbekiston va Rossiyaning tegishli idoralari, ilmiy-ta’lim muassasalari, IT sohasi hamda ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida muntazam muloqotni davom ettirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom