Voqealar
03.08.2026
|
237
MOXIda Pokiston Elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 30-iyul kuni Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vaxabov Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi yangi tayinlangan Elchisi Muhammad Mudassir Tipu bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston-Pokiston munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, shuningdek, mintaqaviy va ko‘p tomonlama kun tartibidagi ayrim masalalar muhokama qilindi.

Elchi O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarining rivojlanish sur’atini ijobiy baholab, ularning barqaror va izchil tusga ega ekanini qayd etdi. Oliy darajadagi siyosiy muloqotni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil fevral oyida Pokistonga amalga oshirgan davlat tashrifi o‘zaro ishonchning yuksak darajasini hamda hamkorlikni yanada kengaytirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligini tasdiqlagani ta’kidlandi.

Amaliy hamkorlikni kengaytirish doirasida o‘zaro savdoni oshirish, sarmoyaviy hamkorlik va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama etildi. Pokistonning tranzit va port salohiyatini ishga solgan holda transport-logistika imkoniyatlarini kengaytirish hamda muqobil savdo yo‘laklaridan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mazkur yo‘nalishlarning rivojlantirilishi ikki mamlakatning savdo-iqtisodiy salohiyatini yanada to‘liqroq ochib berishga, Pokiston biznesini O‘zbekistondagi loyihalarni amalga oshirishga jalb etishga hamda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida barqaror transport aloqalarini shakllantirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Suhbat davomida mintaqaviy xavfsizlikning ayrim masalalari va Janubiy Osiyodagi dolzarb tendensiyalar yuzasidan fikr almashildi. Barqarorlikni mustahkamlash va mintaqalararo hamkorlikni kengaytirish uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida muloqotni davom ettirish hamda sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Ikki mamlakatning tahliliy va ekspert doiralari o‘rtasidagi aloqalarni yanada chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. MOXI va Pokistonning yetakchi tahliliy markazlari o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumlari qo‘shma tadqiqotlar, ekspert tadbirlarini o‘tkazish va tahliliy materiallar almashish uchun zarur zamin yaratgani qayd etildi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom