Voqealar
06.06.2026
|
321
MOXIda Turkiya tahliliy markazi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 2-iyun kuni Markaziy Osiyo xalqaro institutida (MOXI) Turkiya Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi (SAM) raisi Ramazon Erdog bilan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Suhbat davomida tomonlar mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar, shuningdek, ikki mamlakat tahliliy markazlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.

Uchrashuv chog‘ida direktor Javlon Vahobov SAM vakillarini MOXI faoliyati, uning maqsad va vazifalari bilan tanishtirdi. Shuningdek, Markaziy Osiyodagi zamonaviy hamkorlik jarayonlari va "MO+" platformasi doirasidagi mintaqa davlatlarining o‘zaro hamkorligi haqida batafsil ma’lumot berdi.

SAM raisi R. Erdog‘an Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida chuqur tarixiy, madaniy va strategik aloqalar mavjudligini, bu esa hamkorlikni yanada kengaytirish uchun qulay zamin yaratishini ta’kidladi.

Markaz rahbarining ta’kidlashicha, mazkur jarayonda tadqiqot va tahliliy tuzilmalarning faol ishtiroki hamda ularni o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga jalb etish muhim ahamiyat kasb etadi.

Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida qo‘shma ekspert muhokamalarini tashkil etish va ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish belgilandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni rivojlantirishga, jumladan, ikki tomonlama munosabatlar va ko‘p tomonlama platformalar doirasida o‘zaro tashriflar hamda ekspert tadbirlarini tashkil etishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom