Voqealar
23.07.2026
|
286
MOXIda Xitoy delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 14 iyul kuni Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vahobov Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi huzuridagi Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti (RShEMOI) direktori Sun Chjuanchji boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida tomonlar ikki institut o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, O‘zbekiston–Xitoy munosabatlarining dolzarb masalalarini muhokama qildilar.

Sun Chjuanchji O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar hamda Toshkent va Pekin o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish borasida erishilgan natijalarni yuksak baholar ekan, bu borada ikki davlat rahbarlarining hissasini alohida ta’kidladi.

Javlon Vahobov oliy darajadagi siyosiy muloqotlar sur’ati izchil ortib borayotganini inobatga olgan holda, ikki mamlakat tahliliy markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish muhimligini ta’kidladi.

Uchrashuvda tadqiqotchilarning muntazam almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish, shuningdek, tomonlarni qiziqtiruvchi ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni olib borish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Suhbat yakunida tomonlar ilmiy-tadqiqot sohasidagi hamkorlikni izchil davom ettirish, ekspertlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash hamda qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.

Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasining Yevroosiyodagi siyosiy, iqtisodiy hamda ijtimoiy-gumanitar jarayonlarni o‘rganishga ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi. 2022 yilda MOXI va RShEMOI o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, 2024 yilda esa Qo‘shma harakatlar rejasi imzolandi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom