Uchrashuv davomida Markaziy Osiyo davlatlari va Shimoliy Yevropa mamlakatlari o‘rtasida “C5+N5” formatidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, jumladan siyosiy muloqotni mustahkamlash va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, ikki mintaqa o‘rtasidagi muloqotni shakllantirishda 2025 yil dekabr oyida Vena shahrida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo – Shimoliy Yevropa” formatidagi birinchi vazirlar uchrashuvi muhim bosqich bo‘ldi. Mazkur uchrashuv hamkorlikni institutsionallashtirish hamda siyosiy muloqotni kengaytirishga qo‘shimcha turtki berdi.
Shuningdek, ushbu formatni rivojlantirishda ekspertlar o‘rtasidagi hamkorlik muhim o‘rin tutayotgani qayd etildi. Xususan, 2025 yil noyabr oyida Toshkent shahrida MOXIda o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo – Shimoliy Yevropa” tahlil markazlari forumi ikki mintaqa o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy takliflarni ishlab chiqish uchun muhim maydonga aylandi.
Tomonlar, geografik jihatdan uzoq bo‘lishiga qaramay, ikki mintaqa o‘rtasida o‘zaro hamkorlikka bo‘lgan qiziqish ortib borayotganini hamda yashil energetika, innovatsiyalar, barqaror rivojlanish, transport-logistika bog‘liqligi va raqamli texnologiyalar kabi sohalarda katta hamkorlik salohiyati mavjudligini ta’kidladilar.