Voqealar
01.07.2026
|
722
“Primakov o‘qishlari”da MOXI tomonidan mintaqaviy xavfsizlikka oid tashabbuslar taqdim etildi
Joriy yilning 22–25-iyun kunlari O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiya Fanlar akademiyasi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar instituti (IMEMO) tomonidan tashkil etilgan “Primakov o‘qishlari” xalqaro forumida ishtirok etdi.

o'tkazildi. Tadbirning asosiy mavzusi “Qoidalarsiz dunyo: kuchga asoslangan o‘yinmi?” deb nomlandi.

Forumda 20 dan ortiq mamlakatdan yetakchi tahliliy markazlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari va akademik doiralar vakillaridan iborat 400 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi.

Tadbirda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti yordamchisi Y. Ushakov, Tashqi ishlar vaziri S. Lavrov, Federatsiya Kengashi raisi o‘rinbosari K. Kosachev hamda Prezident matbuot kotibi D. Peskov tabrik va asosiy ma’ruzalar bilan ishtirok etdi.

MOXI direktori J. Vaxabov Yevroosiyo makonida yangi xavfsizlik arxitekturasini shakllantirish istiqbollariga bag‘ishlangan “Yevroosiyo xavfsizligi – 2035” strategik sessiyasida ma’ruza qildi.

O‘z chiqishida J. Vaxabov bugungi kunda Markaziy Osiyo Yevroosiyoning eng barqaror mintaqalaridan biri ekanligini ta’kidladi. Ishonch, yaxshi qo‘shnichilik muhitini mustahkamlash hamda mintaqaviy barqarorlikning o‘ziga xos modelini shakllantirishda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mexanizmi muhim o‘rin tutayotgani alohida qayd etildi.

Ta’kidlanganidek, mintaqa mamlakatlari nafaqat yillar davomida to‘planib qolgan muammoli masalalarning aksariyatini hal etishga, balki xavfsizlik sohasida barqaror hamkorlik mexanizmlarini shakllantirishga ham erishdi. Xususan, Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizlik kengashlari kotiblari o‘rtasida muntazam muloqot yo‘lga qo‘yilgan, maxsus xizmatlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasidagi hamkorlik rivojlanmoqda, qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.

Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi yakunida Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik konsepsiyasi, shuningdek, Markaziy Osiyo xavfsizligiga xatarlarning katalogi va ularning oldini olish bo‘yicha 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan choralar qabul qilinganligi alohida ta’kidlandi. Ushbu hujjatlarda asosiy tahdidlar va ularga birgalikda javob qaytarish mexanizmlari bo‘yicha umumiy yondashuvlar mustahkamlangan.

Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari Afg‘onistonni umumiy mintaqaviy xavfsizlik makonining muhim tarkibiy qismi sifatida ko‘rishi hamda uni mintaqaviy loyihalarga izchil jalb etish tarafdori ekanligi qayd etildi.

Munozaralar davomida shakllanayotgan Markaziy Osiyo mintaqaviy xavfsizlik tizimi ochiq va inklyuziv xarakterga ega ekanligi, mavjud hamkorlik mexanizmlarini to‘ldirishi hamda butun Yevroosiyo makonida xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Forum yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar xalqaro tizim transformatsiyasi, Yevroosiyo xavfsizlik arxitekturasini rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviy tashkilotlar va hamkorlik mexanizmlarining roli, shuningdek, xalqaro xavfsizlikka nisbatan yangi chaqiriq va tahdidlar yuzasidan fikr almashdilar.

“Primakov o‘qishlari” xalqaro forumi Rossiyadagi yetakchi ekspert-muloqot maydonlaridan biri bo‘lib, davlat organlari, ilmiy va ekspert hamjamiyati vakillarini xalqaro kun tartibining dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun birlashtiradi.

MOXI har yili “Primakov o‘qishlari”da ishtirok etib, forumning mazmunan boyitilishi hamda dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha ekspert muhokamalariga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom