Tadbir Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) tomonidan Xitoyning rivojlanish bo’yicha xalqaro bilimlar markazi (CIKD) ko‘magida tashkil etildi.
Forumda yetakchi tahliliy markazlar ekspertlari, ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlari, mintaqa davlatlari va Xitoy vakillari ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida tomonlar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini, jumladan iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirish, transport-logistika infratuzilmasini takomillashtirish, shuningdek inson kapitalini mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.

O‘z nutqida N. Ziyamov Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarning strategik ahamiyatiga alohida e’tibor qaratib, ularning keyingi rivoji uchun yangi bosqichlar va istiqbollarni belgilab berdi. Ta’kidlanishicha, bugungi kunda mintaqa davlatlari va XXR o‘zaro manfaatli aloqalarning barqaror modelini shakllantirmoqda, bu esa milliy rivojlanish strategiyalarining uyg‘unlashuviga asoslanadi.
Qayd etilishicha, ko‘p qutbli dunyo va ortib borayotgan iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik sharoitida hamkorlikning muvofiqlashtirilgan mexanizmlarini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Konferensiya yakunida ishtirokchilar ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlik formatlari mintaqalararo bog‘liqlikni mustahkamlash hamda barqaror hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqishda katta salohiyatga ega ekanini ta’kidladilar.
Xitoy Davlat kengashi huzuridagi Xalqaro rivojlanish bilimlari Markazi (CIKD) – 2017-yilda Si Szinpin tashabbusi bilan tashkil etilgan yetakchi davlat tahliliy markazi hisoblanadi.
Markazning asosiy missiyasi Xitoy islohotlari tajribasini umumlashtirish va uni barqaror rivojlanish masalalari bo‘yicha xalqaro muloqotga moslashtirishdan iborat.
Markaz BMTning 2030-yilgacha bo‘lgan kun tartibi va Global rivojlanish tashabbusini ilgari surishda muhim intellektual platforma bo‘lib, Xitoyning tashqi iqtisodiy siyosatini ekspert jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi.