Tadbirda Vashington shtatining yetakchi ishbilarmon, investitsiyaviy va davlat doiralari vakillari, jumladan, “Greater Seattle Partners” rahbariyati, “Boeing” kompaniyasi, Vashington shtati gubernatori ofisi, Vashington shtati Qishloq xo‘jaligi departamenti va Savdo departamenti vakillari, shuningdek, xalqaro iqtisodiy rivojlanish sohasidagi tadbirkorlar va ekspertlar qatnashdi.
Muhokama davomida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi savdo-investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, xususan, Vashington shtati bilan amaliy aloqalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar, aviatsiya, qishloq xo‘jaligi va agrosanoat, logistika, yashil energetika, startaplar, kadrlar tayyorlash hamda ikki tomon ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
J. Vaxabov Sietl shahrining AQSHda O‘zbekiston rasmiy ishtirokining yangi markazi sifatida tanlanishi Tinch okeani shimoli-g‘arbiy mintaqasi bilan hamkorlikni yanada tizimli bosqichga olib chiqish intilishini aks ettirishini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, Katta Sietl hududi O‘zbekiston uchun texnologiyalar, aviatsiya sanoati, logistika, innovatsion tadbirkorlik va global biznesning yetakchi markazlaridan biri sifatida alohida qiziqish uyg‘otadi. Mintaqada “Amazon”, “Microsoft”, “Costco”, “Starbucks”, “Alaska Airlines” kabi yirik kompaniyalar joylashgan yoki faol vakillikka ega.
Vashington shtati ishbilarmon doiralari bilan hamkorlik O‘zbekiston–AQSH sherikligini amaliy mazmun bilan boyitishning muhim vositasiga aylanishi mumkinligi alohida ta’kidlandi. Shu nuqtayi nazardan, aviatsiya sohasida, jumladan, “Boeing” bilan hamkorlik bo‘yicha katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Shuningdek, Vashington shtatining kuchli eksport salohiyati, rivojlangan port infratuzilmasi, mahsulotlarni tashqi bozorlarga olib chiqish tajribasi hamda saqlash, qayta ishlash va logistika sohalaridagi zamonaviy yechimlari qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida ham amaliy hamkorlik uchun muhim asos yaratishi ta’kidlandi.