Voqealar
08.05.2026
|
294
Tallinda Estoniya Tashqi ishlar vazirligida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Tallin shahriga amalga oshirilgan ishchi tashrif doirasida Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vaxabov Estoniya Tashqi ishlar vazirligining Rossiya, Belarus va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Riina Kaljurand bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida Markaziy Osiyoda kechayotgan mintaqaviy transformatsiya jarayonlari, Ozarbayjon ishtirokida Toshkentda bo‘lib o‘tgan mintaqa davlatlari yetakchilari sammiti yakunlari, shuningdek, “Markaziy Osiyo+” hamkorlik formatlarini kengaytirish, jumladan, Boltiqbo‘yi davlatlari bilan o‘zaro aloqalarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Javlon Vaxabov Markaziy Osiyoda mintaqaviy muvofiqlashtirishni chuqurlashtirish, sheriklik aloqalarini kengaytirish hamda transport-logistika o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirishga asoslangan yangi hamkorlik dinamikasi shakllanayotganligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayonlar mintaqaning barqaror rivojlanishi, xalqaro iqtisodiy jarayonlarga yanada faol integratsiyalashuvi hamda Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni mustahkamlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda.

Tomonlar, shuningdek, Markaziy Osiyo va Boltiqbo‘yi davlatlari o‘rtasida transport va logistika, savdo va investitsiyalar, raqamlashtirish, “yashil” energetika, ta’lim hamda gumanitar aloqalar kabi yo‘nalishlarda mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligini qayd etdilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar ikki mintaqa tahliliy muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash muhimligini alohida ta’kidladilar. Bu amaliy takliflar ishlab chiqish hamda yuqori va oliy darajadagi muloqotlar uchun kun tartibini shakllantirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom