O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi muborak bo‘lsin!
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi muborak bo‘lsin!
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi muborak bo‘lsin!
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi muborak bo‘lsin!
Voqealar
23.09.2026
|
233
Toshkentda «Markaziy Osiyo – Yaponiya» tahlil markazlarining birinchi forumi ish boshladi
Joriy yilning 23-sentyabr kuni Markaziy Osiyo xalqaro institutida (MOXI) Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) hamda Tokio universitetining Osiyo bo‘yicha ilg‘or tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan «Markaziy Osiyo – Yaponiya» tahlil markazlarining birinchi forumi ish boshladi.

Tadbirda Markaziy Osiyo mamlakatlari, Ozarbayjon va Yaponiyaning yetakchi tahlil markazlari va ilmiy-tadqiqot institutlari, akademik va ishbilarmon doiralari, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralari vakillari ishtirok etmoqda.

Forumni ochar ekan, Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vaxabov uning o‘tkazilishi 2025-yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo + Yaponiya» birinchi sammitida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbusning amaliy ro‘yobi bo‘lganini ta’kidladi.

Direktorning so‘zlariga ko‘ra, «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqoti yigirma yildan buyon rivojlanib kelmoqda. Bu davrda vazirlar uchrashuvlari, ekspert maslahatlashuvlari va biznes forumlari o‘tkazildi. Tokiodagi birinchi sammit ushbu hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi.

Vaxabov Forumning tashkil etilishi oddiy bir tamoyilga asoslanganini qayd etdi. Siyosiy kelishuvlar mustahkam ekspertlik va institutsional tayanchga muhtoj. Bu bugun ayniqsa muhim, chunki Markaziy Osiyo sezilarli darajada o‘zgardi. Mintaqa mamlakatlari o‘zaro ishonchni mustahkamlab, muntazam muloqot mexanizmlarini yo‘lga qo‘ydi.

MOXI direktorining ta’kidlashicha, ekspert maydonining vazifasi erishilgan siyosiy kelishuvlarni aniq loyihalar va amaliy tavsiyalarga aylantirishga ko‘maklashishdan iborat. Yaponiya bilan hamkorlik nafaqat milliy loyihalarni, balki butun mintaqa rivojini ham qo‘llab-quvvatlashi muhim.

«Sammitlar yo‘nalishni belgilaydi. Hukumatlar zarur asoslarni yaratadi. Biznes loyihalarni amalga oshiradi. Tahlil markazlari esa amaliy takliflar ishlab chiqish, yangi imkoniyatlarni aniqlash va erishilgan natijalarni baholash orqali ushbu darajalarni o‘zaro bog‘lay oladi», – dedi Javlon Vaxabov.

Yaponiyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Kendzi Hirata Markaziy Osiyoning strategik ahamiyati xalqaro hamjamiyat tomonidan tobora keng e’tirof etilayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo + Yaponiya» birinchi sammiti hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab, olti hukumat uchun kelgusi faoliyatning aniq mo‘ljallarini ko‘rsatib berdi.

Yaponiya parlamenti Vakillar palatasi a’zosi Eri Arfiya Yaponiya va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishda ekspert va akademik hamjamiyatning muhim o‘rnini ta’kidladi. U «Markaziy Osiyo + Yaponiya» birinchi sammiti yakunida Tokio deklaratsiyasi qabul qilinganini qayd etdi. Unga muvofiq, Yaponiya mintaqa mamlakatlari bilan amaliy hamkorlikni davom ettirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga ko‘maklashish niyatida.

Tokio universitetining Osiyo bo‘yicha ilg‘or tadqiqotlar instituti direktori Jin Sato geografik jihatdan uzoqdek ko‘rinsa-da, ikki mintaqa o‘rtasidagi tarixiy aloqalar odatda tasavvur qilinganidan ancha yaqin bo‘lganini ta’kidladi. Buyuk ipak yo‘li yo‘nalishlari butun Osiyo bo‘ylab sharqqa cho‘zilib, Yaponiyagacha yetib borgan. Nara shahrida esa Markaziy va G‘arbiy Osiyoning badiiy hamda madaniy ta’sirini tasdiqlovchi dalillar saqlanib qolgan. Professorning fikricha, bugungi vazifa Yaponiya va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlarni noldan barpo etish emas, balki tarixiy aloqalarni «qayta kashf etish» va ularga yangi shakl berishdan iborat.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti prorektori, Sukuba universiteti professori Timur Dadabayev ma’ruzasini taqdim etar ekan, Yaponiya va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi o‘ttiz yildan ortiq hamkorlik davomida katta «ishonch zaxirasi» shakllanganini va endilikda uni chuqurroq iqtisodiy sheriklikka aylantirish zarurligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hamkorlikning navbatdagi bosqichi an’anaviy yordamdan investitsiyalar, savdo, texnologiyalar va qo‘shma ishlab chiqarishga o‘tishni nazarda tutishi, shu orqali mintaqa mamlakatlari uchun kengroq imkoniyatlar yaratishi lozim. U mahalliy qayta ishlashni, transport va raqamli o‘zaro bog‘liqlikni, shuningdek, kadrlar tayyorlash va ularning mobilligini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdi.

Forumning birinchi sessiyasi «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqoti hamda o‘zgarib borayotgan geosiyosiy sharoitda barqaror sheriklikni shakllantirish masalalariga bag‘ishlandi.

Tokio universiteti professori Sigeto Sonoda hamkorlikni rivojlantirishga doir yanada samarali va o‘zaro manfaatli yondashuvlarni ishlab chiqish uchun Yaponiya va Markaziy Osiyo mamlakatlarida jamoatchilik fikrini muntazam o‘rganish muhimligini ta’kidladi.

Yaponiyaning Rossiya va yangi mustaqil davlatlar bilan savdo assotsiatsiyasi (ROTOBO) tadqiqotchisi Ryota Saito Yaponiya va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun logistika to‘siqlarini bartaraf etish muhimligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, raqamli transformatsiya va inson kapitalini rivojlantirish ham hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘lib, bu sohalarda tomonlarning manfaatlari ko‘p jihatdan mushtarak. Amaliy qadamlar sifatida u Yaponiya investitsiyalarini jalb qilish bo‘yicha ishlarni kuchaytirish hamda Janubiy Kavkazning O‘rta yo‘lakdagi muhim bo‘g‘in sifatidagi salohiyatini hisobga olgan holda muloqotni kengaytirishni taklif etdi.

Ikkinchi sessiyada Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishni ilgari surish, jumladan, «yashil» transformatsiya, energetik xavfsizlik va o‘ta muhim minerallar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Sasakava tinchlik jamg‘armasining Mediatsiyani qo‘llab-quvvatlash markazi katta ilmiy xodimi Kenta Aoki Afg‘oniston bilan amaliy hamkorlikni «O‘zbekiston – Yaponiya – Afg‘oniston» uch tomonlama sherikligi orqali rivojlantirishni taklif etdi. U transport o‘zaro bog‘liqligi, ta’lim, suv resurslari, qishloq xo‘jaligi, giyohvand moddalar noqonuniy aylanishiga qarshi kurash va madaniy merosni asrashni mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar sifatida qayd etib, faoliyat yuritayotgan mintaqaviy maydonlar, jumladan, «Termiz muloqoti» salohiyatiga e’tibor qaratdi.

Kyusyu universiteti professori Tisako Masuo barqaror rivojlanish va tabiiy resurslarni monitoring qilishda sun’iy yo‘ldosh texnologiyalarining roli ortib borayotganiga e’tibor qaratdi. U Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘z salohiyatini rivojlantirishi va kosmik sohadagi xalqaro hamkorlikni, jumladan, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari hamda ulardan amaliy foydalanish bo‘yicha salohiyatga ega Yaponiya bilan aloqalarni kengaytirishi zarurligini ta’kidladi.

Sukuba universiteti doktoranti (Turkmaniston) Mivegozel Geldiyeva Turkmanistonning vodorod energetikasini rivojlantirish yo‘li va Yaponiya bilan hamkorlik imkoniyatlariga bag‘ishlangan tadqiqotini taqdim etdi. U siyosiy tashabbuslar va tajriba loyihalaridan amaliy ijroga o‘tish zarurligini qayd etib, vodorod loyihalarining uglerod samaradorligi, ularga bo‘lgan talab va moliyaviy jihatdan asosliligini baholash muhimligini ta’kidladi.

Forum o‘z ishini 24-sentyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida davom ettiradi. Ikkinchi kun doirasida ishtirokchilar transport va raqamli o‘zaro bog‘liqlik, yangi texnologiyalarni rivojlantirish, shuningdek, gumanitar hamkorlik, ta’lim va ekspert muloqoti imkoniyatlarini muhokama qiladilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom