Voqealar
27.06.2026
|
265
Vashingtonda kongressmen Trent Kelly bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Vashington shahriga amaliy tashrifi doirasida Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vaxabov AQSH Vakillar palatasining Missisipi shtatidan a’zosi, Kongressdagi O‘zbekiston bo‘yicha kokus hamraisi Trent Kelly bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston–AQSH strategik sherikligini yanada mustahkamlash, parlamentlararo muloqotni kengaytirish, shuningdek, O‘zbekiston va Missisipi shtati o‘rtasida amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

  1. Vaxabovso‘nggi davrda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi siyosiy muloqot misli ko‘rilmagan darajada faollashganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, so‘nggi olti oy ichida ikki davlat yetakchilari o‘rtasida to‘rtta oliy darajadagi muloqot bo‘lib o‘tgani o‘zaro ishonchning yuqori darajasini namoyon etadi hamda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish uchun mustahkam siyosiy asos yaratadi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, O‘zbekistonga nisbatan Jekson–Venik tuzatishini bekor qilishga qaratilgan qonunchilik tashabbuslarini ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar Missisipi shtati bilan hamkorlik istiqbollarini ham ko‘rib chiqdilar. Jumladan, qishloq xo‘jaligi, ta’lim almashinuvlari, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalar hamda ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yo‘nalishlari muhokama qilindi.

O‘z navbatida, T. Kelly Kongressdagi O‘zbekiston bo‘yicha kokus kengayib borayotganini va bugungi kunda u 30 nafarga yaqin Kongress a’zolarini birlashtirayotganini ta’kidladi. Bu amerikalik qonunchilar orasida O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish ortib borayotganidan dalolat beradi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston Markaziy Osiyoda AQSHning ishonchli hamkori sifatida Kongress kun tartibida tobora muhim o‘rin egallayotgani qayd etildi. T. Kelly Kongressda O‘zbekiston bilan munosabatlarni yanada mustahkamlashga nisbatan barqaror ikki partiyaviy qiziqish mavjudligini, xususan, savdo, investitsiya, hududlararo hamkorlik va parlamentlararo muloqotni kengaytirish bu borada muhim yo‘nalishlar ekanini ta’kidladi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom