Voqealar
15.01.2025
|
45
“Yangi Markaziy Osiyo istiqbollari: ilmiy tahlillar va tadqiqotlar”
Markaziy Osiyo xalqaro institutida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi institutlari, ilmiy tadqiqot markazlari, oliy taʼlim o‘quv yurtlaridagi 60 yaqin olimlar, doktorantlar va izlanuvchilar ishtirokida “Yangi Markaziy Osiyo istiqbollari: ilmiy tahlillar va tadqiqotlar” mavzusidagi davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda hozirgi kunda mintaqa bilan bog‘liq siyosiy, iqtisodiy, savdo va investitsiya, sanoat kooperatsiyasi, transport logistika, qishloq xo‘jaligi, suv resurslaridan oqilona foydalanish, “yashil” energetika, atrof-muhitni muhofaza qilish, migratsiya, turizm sohalaridagi hamda keng maʼnoda xavfsizlik borasidagi olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, ularning dolzarbligi, nazariy va amaliy ahamiyati, berilayotgan taklif va tavsiyalar atroflicha muhokama qilindi.

Qizg‘in muzokalar davomida chuqur o‘rganilishi, ilmiy tahlil qilinishi lozim bo‘lgan muammolarga, jumladan, yashil energetika, yangi transport tizimlari, sanoat kooperatsiyasi, suv tanqisligi, iqlim o‘zgarishi, yangi ekologik holatlar asoratlari, mehnat migratsiyasi, qambag‘allikni qisqartirish, mintaqa xavfsizligi, oziq-ovqat xavfsizligi kabi mavzularga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarida bildirilayotgan tashabbuslarni izchil amalga oshirish, turli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi hamkorlikning samaradorligiga erishish bilan bog‘liq vazifalar bo‘yicha ham qiziqarli fikrlar bildirildi.

Davra suhbati ishtirokchilari tomonidan O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning jahondagi murakkablashayotgan siyosiy, iqtisodiy jarayonlardan kelib chiqqan holda xalqaro va mintaqaviy munosabatni rivojlantirish bo‘yicha bildirayotgan taklif va tashabbuslarni hayotga tadbiq qilish, davlatimiz tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini ilgari surish, bunda konseptual yondoshishlar, aniq amaliy tavsiyalar ishlab chiqish borasida ilmiy-tadqiqot institutlari, yetakchi tahliliy markazlar va akademik doiralar ishtirokini faollashtirish maqsadida MOXI platformasida olimlar, ilmiy ekspertlar, tadqiqotchilar, tegishli vazirliklardagi yetakchi mutaxassislar ishtirokida muntazam ravishda ilmiy munozaralar o‘tkazish takliflari bildirildi.

Ilmiy jamoatchilikning yakdillik bilan bildirgan fikriga ko‘ra, Markaziy Osiyo kelajagi bilan bog‘liq barcha yo‘nalishlardagi masala va muammolarni o‘z vaqtida aniqlash, o‘rganish, chuqur tahlil qilish va ularni samarali hal qilinishini taʼminlash maqsadida MOXI qoshida muntazam ravishda ilmiy anjumanlar tashkil qilish maqsadga muvofiq ekanligi tasdiqlandi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom