Forum joriy yilning 3-4 aprel kunlari Samarqand shahrida rejalashtirilgan Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqining birinchi rasmiy sammiti oldidan boʻlib oʻtadi va ushbu mintaqalar ekspertlarining asosiy muhokama platformasiga aylanadi.
Shu bois, tadbir davomida mintaqalararo hamkorlikning dolzarb masalalari, Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi ekspert va tadqiqotchilar doiralari o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirishni muvofiqlashtirish, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash yuzasidan fikr almashiladi hamda mintaqalarimiz o‘rtasidagi sheriklikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqiladi.
Forum kun tartibidan savdo va sarmoya, mintaqaviy aloqalar, texnologik hamkorlik, sunʼiy intellekt, muhim minerallar, yashil energiya, iqlim oʻzgarishi va barqaror rivojlanish kabi mavzular oʻrin olgan.
Forumda Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Latviya, Litva, Polsha, Turkiya, Finlyandiya, Fransiya, Estoniya, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston kabi davlatlar rasmiylari, diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari ishtirok etadi.