Anonslar
19.04.2025
|
1172
MOXIda “Markaziy Osiyo – Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” formati doirasida ilk tahliliy markazlar forumi bo'lib o'tadi
2025-yil 21–22-aprel kunlari Markaziy Osiyo Хalqaro instituti (MOXI) Londondagi Bourse & Bazaar jamg‘armasi bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi yetakchi tahliliy markazlari vakillari ishtirokida davra suhbatini tashkil etadi.

Joriy yil 5-may kuni Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo va Ko'rfaz arab davlatlari rahbarlari ikkinchi sammiti arafasida tashkil etilayotgan mazkur tadbir ushbu xalqaro uchrashuvga tayyorgarlik jarayonini ekspertlar darajasida chuqurlashtirish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.

Forumda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Saudiya Arabistoni, Qatar, BAA, Ummon va boshqa davlatlarning yetakchi tahliliy, diplomatik va akademik muassasalarini ifodalovchi 40 dan ortiq taniqli ekspertlar ishtirok etadi. Ular orasida ilmiy tadqiqotchilar, hukumat va mustaqil ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari, shuningdek, tegishli universitetlar vakillari ham mavjud.

Uchrashuv davomida Markaziy Osiyo va Fors ko‘rfazi mintaqalari o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari muhokama qilinadi. Xususan, transport va mintaqaviy bog‘liqlik, energetika, oziq-ovqat va iqlim xavfsizligi bo‘yicha hamkorlik hamda gumanitar va ta’lim aloqalarini mustahkamlash kabi masalalar kun tartibidan o‘rin oladi.

Forum yakunida, 22-aprel kuni, diplomatik korpus, ilmiy doiralar va OAV vakillari bilan matbuot brifingi o‘tkaziladi. Unda ekspertlar muhokamalari davomida ishlab chiqilgan asosiy xulosalar va tavsiyalar taqdim etiladi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom