Markaziy Osiyo davlatlari yangiliklari
24.04.2025
|
528
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashdi
2025-yil 22-aprel kuni Turkmaniston Halk Maslahaty Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov Markaziy Osiyo bo‘ylab safari doirasida Qirg‘izistonga tashrif buyurdi. Uni “Issiqko‘l” xalqaro aeroportida Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov kutib oldi.
23-aprel kuni Cholpon-Ota shahrida ikki yetakchi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning keng ko‘lamli masalalari, jumladan savdo-iqtisodiy aloqalar, madaniy-gumanitar hamkorlik va mintaqaviy tashabbuslar muhokama qilindi.
Tomonlar Qirg‘iz-Turkman taraqqiyot fondini tashkil etish tashabbusiga alohida e’tibor qaratdi.
Tashrif doirasida ikki davlat rahbarlari Cholpon-Otadagi “Ruh Ordo” madaniyat markaziga tashrif buyurishdi. Mehmonlarga Markaziy Osiyo xalqlari ma’naviy merosiga bag‘ishlangan ochiq osmon ostidagi muzey haqida Qirg‘iziston madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vaziri Mirbek Mambetaliev tomonidan ekskursiya o‘tkazildi.
Mazkur tashrif Turkmaniston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stona va strategik aloqalarni mustahkamlash yo‘lida yana bir muhim qadam bo‘ldi.