Hurmatli Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Husayn Rzagulug‘li Guliyev,
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Avvalo, sizlarning barchangizni “O‘zbekiston va Ozarbayjon: ittifoqchilik va mintaqalararo hamkorlikning yangi imkoniyatlari” mavzusida Markaziy Osiyo xalqaro instituti tomonidan Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekistondagi Elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan davra suhbatida samimiy qutlab qolaman.
Mazkur tadbirni uyushtirishdagi faol yordami hamda Ozarbayjondan – Milli Majlis deputatlari va ilmiy-analitik markazlar rahbarlarini taklif etgani uchun hurmatli Husayn Rzagulug‘liga va Elchixona jamoasiga chuqur minnatdorlik bildiraman.
Alohida minnatdorlik so‘zlarini O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Masudovich Usmonovga, Xorijiy siyosiy tadqiqotlar va xalqaro tashabbuslar markazi direktori Sanjar Alimxonovich Valievga hamda ilmiy-analitik doiralar vakillariga bildiraman. Ularning bugungi tadbirdagi ishtiroki forumimiz ishiga alohida ahamiyat bag‘ishladi.
Shunday nufuzli ishtirokchilar tarkibi bugungi uchrashuvning o‘ziga xos dolzarbligini belgilab, O‘zbekiston–Ozarbayjon hamkorligini yanada kengaytirishga bo‘lgan o‘zaro qiziqishning yorqin ifodasiga aylandi.
Hurmatli mehmonlar!
Bugungi tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning joriy yil 2–4-iyul kunlari Ozarbayjonga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlariga bag‘ishlangan. Shubhasiz, ushbu oliy darajadagi uchrashuvlar tarixiy ahamiyat kasb etib, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilikni mustahkamlashning yangi bosqichini boshlab berdi. Tashrifning markaziy voqeasi – Oliy Davlatlararo Kengashning ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib, unda ikki tomonlama munosabatlarning asosiy yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Bokudagi muzokaralar o‘tgan yili Toshkentda imzolangan Ittifoqchilik shartnomasining mantiqiy davomi bo‘ldi. Mazkur hujjat hamkorlikning aniq sohalarini belgilab berdi va ikki tomonlama, mintaqaviy hamda xalqaro darajada rivojlanish bo‘yicha umumiy yondashuvlarni mustahkamladi.
Bunga qo‘shimcha ravishda, 13 ta hukumatlararo va idoralararo hujjatlarning imzolanishi ikki tomonlama aloqalarning huquqiy asosini mustahkamladi hamda savdo, transport, energetika, sanoat, fan va ta’lim kabi asosiy yo‘nalishlarda yangi imkoniyatlar ochdi.
Qayd etish joizki, barcha darajalarda samarali aloqalar davom etmoqda. Joriy yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga o‘sdi. Shu munosabat bilan o‘zaro savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha ulkan maqsad qo‘yildi. Iqtisodiyotning turli sohalarida istiqbolli loyihalar “yo‘l xaritasi” asosida shakllanmoqda. 2025–2027-yillar uchun Sanoat kooperatsiyasi dasturi doirasida amaliy ishlar olib borilmoqda, bu esa qo‘shma ishlab chiqarishlarni rivojlantirish va iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Bularning barchasi Toshkent va Boku o‘rtasidagi munosabatlarning mislsiz sur’atlar bilan rivojlanayotganidan dalolat beradi.
Hurmatli do‘stlar!
Biz bugun Yevroosiyo makonida hamkorlikning yangi manzarasini shakllantirayotgan muhim jarayonlarning guvohi bo‘lyapmiz. Shu jihatdan, Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi mintaqalararo aloqalarni mustahkamlashda Ozarbayjonning faol va mas’uliyatli ishtiroki e’tiborga loyiqdir.
Shuningdek, aziz ozarbayjonlik do‘stlarimizni Vashingtonda Armaniston bilan imzolangan Qo‘shma deklaratsiya kabi tarixiy voqea bilan samimiy tabriklamoqchiman. Bu yutuq tinchlik, ishonch va qo‘shnichilikka kuchli turtki berib, butun mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun yangi ufqlar ochadi.
Ayniqsa, bu holat O‘rta koridor loyihasi nuqtayi nazaridan dolzarbdir.
Ushbu loyiha oddiy logistika yo‘lagidan tashqariga chiqib, transport, iqtisodiyot, energetika, raqamli va madaniy oqimlarni Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazni bog‘lovchi yangi mintaqaviy arxitekturaning asosiy bo‘g‘iniga aylantirmoqda.
Hurmatli hamkasblar!
Bugungi konferensiya dasturi uchta o‘zaro bog‘liq va strategik mavzuni qamrab oladi. Birinchi sessiya siyosiy muloqot va ittifoqchilikni yangi sifat darajasiga ko‘tarishga bag‘ishlangan bo‘lib, unda xalqaro maydondagi pozitsiyalarni muvofiqlashtirish va KVG‘GCA, OTG kabi ko‘p tomonlama formatlarda hamkorlik masalalari muhokama qilinadi.
Ikkinchi sessiya iqtisodiyot, energetika, transport, ta’lim, fan, madaniyat va turizm sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlanadi. Unda amaliy loyihalar ijrosi, samarali mexanizmlar va yangi o‘sish nuqtalari bo‘yicha fikr almashiladi.
Uchinchi sessiya Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi mintaqalararo bog‘liqlikni kuchaytirish masalalariga qaratiladi. Unda O‘rta koridor doirasida tranzit salohiyatini rivojlantirish, infratuzilma, raqamli va energetika loyihalarini muvofiqlashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Hurmatli ishtirokchilar!
Bugungi uchrashuv O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi asrlar davomida shakllangan do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik aloqalari mustahkamlanib borayotgan davrda o‘tkazilmoqda. Ozarbayjon maqolida aytilganidek: “Bir yerdə olan dost, dağları da aşar” — “Birgalikdagi do‘stlar hatto tog‘larni ham oshadi.” Ushbu so‘zlar hamkorligimiz, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va ishonch ruhini yorqin ifodalaydi.
Biz — umumiy tarixiy ildizlar, madaniy an’analar va barqaror rivojlanishga intilish bilan birlashgan turkiy xalqlarmiz. Bizni faqat umumiy o‘tmish emas, balki o‘zaro hurmat, birdamlik va strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan kelajakning umumiy tasavvuri ham bog‘laydi.
Ishonchim komilki, bugungi tadbir yuqori darajadagi tashriflar chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amaliyotga joriy etishda muhim qadam bo‘ladi va ikki tomonlama hamda mintaqalararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga yangi turtki beradi.
E’tiboringiz uchun rahmat!