Davra suhbatlari
20.09.2025
|
154
MOXIda Shanxay xalqaro tadqiqotlar akademiyasi delegatsiyasi ishtirokida “davra suhbati” bo‘lib o‘tdi.
Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI)da "Markaziy Osiyo – Xitoy" va ShHT formatidagi O‘zbekiston–Xitoy hamkorligi: mintaqaviy hamjihatlikdagi yutuqlar va imkoniyatlar" mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Tadbir Shanxay xalqaro tadqiqotlar akademiyasi (ShXTA) bilan hamkorlikda o‘tkazilib, yetakchi ekspertlar, diplomatlar, akademik doira va tahliliy markazlar vakillarini birlashtirdi.

Davra suhbati MOXI va ShXTA o‘rtasida 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan anglashuv memorandumi va Qo‘shma harakatlar rejasi imzolanishi bilan ochildi. Bu ikki tomonlama ekspertlik hamkorligida yangi bosqichni boshlab berdi.

MOXI direktori Javlon Vaxabov ishtirokchilarni qutlar ekan, quyidagilarni ta’kidladi: "O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari mamlakatlarimiz rahbarlarining strategik qarashlari tufayli sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi". Shu bilan birga, u savdo-iqtisodiy aloqalarning kengayishi va infratuzilma hamda yuqori texnologiyalar sohasidagi qo‘shma loyihalarning ahamiyatiga urg‘u berdi.

O‘z navbatida, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yuy Szyun Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga yaqinda qilgan tashrifini “yangi strategik hamkorlik ufqlarini ochgan voqea” deb ta’rifladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari qatorida Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi, ekologiya va raqamli texnologiyalar sohalaridagi sheriklik mavjud.

ShXTA prezidenti professor Chen Donxiao esa global kontekstga to‘xtalib, "Markaziy Osiyo – Xitoy formati va ShHT mintaqaviy tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash uchun muhim platformalarga aylanmoqda"- deya ta’kidladi.

Ikki sessiya doirasida ishtirokchilar Ostona shahrida o‘tgan "Markaziy Osiyo – Xitoy" sammiti hamda Tyanjinda bo‘lib o‘tgan ShHT Davlat rahbarlari kengashining 25-yig‘ilishi natijalarini muhokama qildilar. Davra suhbatida barqaror rivojlanish, iqlim va energetika tahdidlariga birgalikda javob berish, transport-infratuzilma bog‘liqligini rivojlantirish va tahliliy markazlar hamda yoshlar tashkilotlari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston va Xitoy tadqiqot institutlari vakillari ham ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar. Ular qatorida Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, TIV huzuridagi Xalqaro tashabbuslar va tashqi siyosat tadqiqotlari markazi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, O'zbekistonda ShHTning Xalq diplomatiyasi markazi hamda ShXTA yetakchi tahlilchilari bor edi.

Muhokamalar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston–Xitoy strategik hamkorligini chuqurlashtirish, ShHT va "Markaziy Osiyo – Xitoy" formatidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda mintaqaviy xavfsizlik va barqaror rivojlanish bo‘yicha ekspertlik muloqotini kengaytirishga oid aniq tavsiyalar ishlab chiqildi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom