Tadbir Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi hamda Rossiya Fanlar akademiyasi Xitoy va zamonaviy Osiyo instituti tomonidan tashkil etildi.
Forumda Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiyadan tahliliy markazlar rahbarlari va ilmiy tadqiqotchilar, Tojikiston Respublikasining tegishli vazirlik va idoralari, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Ekspertlar Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarning turli jihatlarini, jumladan, iqtisodiyot, mintaqaviy xavfsizlik, energetika, iqlim o‘zgarishi, transport, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni muhokama qildilar.
A.Toshev “Xalqaro transport yo‘laklari va ularning Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya o‘rtasidagi o’zaro iqtisodiy aloqalarni ta’minlashdagi o‘rni” mavzusida so‘zga chiqib Markaziy Osiyoda transport infratuzilmasini rivojlantirish oddiy logistikani takomillashtirish masalasi emas, balki mintaqa davlatlarining barqaror iqtisodiy o‘sishining strategik omili ekanligini ta’kidladi.

МОХI vakili O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo – Rossiya” ikkinchi sammitida ilgari surgan hamda strategik sheriklikni mustahkamlash, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, mintaqaviy barqarorlikni birgalikda ta’minlashga qaratilgan tashabbuslariga alohida e’tibor qaratdi.
Xususan, qo‘shma qarorlar va loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish uchun hukumat rahbarlari o‘rinbosarlari darajasida Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish taklif etildi; oʻzaro tovar ayirboshlashni koʻpaytirish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini hamkorlar bozorlariga chiqishini soddalashtirish maqsadida “Markaziy Osiyo – Rossiya agroekspressi” loyihasi amalga oshirish tashabbusi ilgari surildi; avtomobil, temir yo‘l va aviatsiya aloqalari sohasida milliy dasturlarni uyg‘unlantirish uchun mamlakatlarimiz Transport-logistika konturini ishlab chiqish taklif etildi; Buxoroda “Markaziy Osiyo – Rossiya” sanoat injiniring markazini barpo etish g’oyasi ilgari surildi.
