Markaziy Osiyo davlatlari yangiliklari
24.11.2025
|
109
Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 7-Maslahat uchrashuvi yakunlari bo‘yicha davra suhbati bo‘lib o‘tadi
Joriy yilning 24-noyabr kuni Markaziy Osiyo xalqaro institutida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining VII Maslahat uchrashuvi yakunlariga bag‘ishlangan "Markaziy Osiyo: mintaqaviy hamkorlikning yangi bosqichi sari" mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tadi.

Tadbir davomida sammitning asosiy natijalari, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari tomonidan ilgari surilgan tashabbus va kelishuvlarni birgalikda amalga oshirish masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Ishtirokchilar - O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus rahbarlari, mamlakatning yetakchi tahlil markazlari, vazirlik va idoralari, ishbilarmon doiralar vakillari, ekspertlar va jurnalistlar.

Davra suhbatida O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan iqtisodiyot, sanoat, energetika, logistika, ekologiya va suv xo‘jaligi sohalarida ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish, shuningdek, Ozarbayjonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari formatining to‘laqonli ishtirokchisi sifatida qo‘shilishiga alohida e’tibor qaratilishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Maslahat uchrashuvi arafasida e’lon qilingan "Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida" nomli maqolasining mazmun-mohiyati yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan.

Forumda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maslahatchisi A.X.Kamilov nutq so‘zlashi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston diplomatik missiyalari rahbarlarining nutqlari hamda diplomatik korpus vakillari va ekspertlar ishtirokidagi muhokama sessiyasi kutilmoqda.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom