Nutqlar
10.12.2025
|
74
MOXI direktori Javlon Vaxabovning “Markaziy Osiyo – Shimoliy Kengash”davlatlari tahlil markazlari birinchi Forumidagi nutqi
“Markaziy Osiyo – Shimoliy Kengash” davlatlari tahliliy markazlari Forumi (2 - kun, 19 noyabr)

Hurmatli mehmonlar!

Bugun yana bir bor bizga qo‘shilganingiz uchun samimiy minnatdorlik bildirmoqchiman. Avvalambor, kechagi munozaralarimiz haqida qisqacha to‘xtalmoqchiman. Tan olishim kerak: suhbatimiz shu qadar jonli, mazmunli va qiziqarli bo‘ldiki, belgilangan vaqtni ham oshirib yubordik. Ammo bu tabiiy hol — mintaqalarimiz ilk bor bunday formatda uchrashmoqda va bizning birgalikda o‘rganadigan masalalarimiz juda ko‘p.

Kechagi ekspertlar ikki faol sessiya doirasida hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini ta’kidlab o‘tdilar. Birinchi sessiyada mintaqalarimiz o‘rtasidagi savdo va investitsiya aloqalarini qanday kengaytirish mumkinligi muhokama qilindi. Va bir fikr ayniqsa yaqqol namoyon bo‘ldi: Shimoliy Kengash mamlakatlari Markaziy Osiyo haqida xabardorlikni oshirish juda muhim.

Joriy yil boshida Stokgolmga safarim davomida shved, norveg, daniya va fin ekspertlari bilan uchrashganimda, Markaziy Osiyo haqida ayrim stereotiplar — xususan, sovet merosi va inson huquqlari borasidagi qarashlar — hanuzgacha mavjudligini angladim. Xuddi shunday, bizning mintaqamizda ham Shimoliy Kengash davlatlari haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lmaganlar talaygina, ular taklif qilishi mumkin bo‘lgan imkoniyatlar haqida esa yanada kamroq ma’lumot bor.

Shu sababli, bugungi forumdek uchrashuvlar juda muhim ahamiyat kasb etadi. Shimoliy Kengash va Markaziy Osiyolik ekspertlarni, biznes yetakchilarini, xususiy sektor va diplomatlarni bir joyga jamlash orqali biz ana shu bilimlar bo‘shlig‘ini to‘ldirishimiz mumkin — ayniqsa, shimoliy hamkorlarimiz mintaqamizga tez-tez tashrif buyurmayotganini inobatga olsak.

Mintaqalarimiz o‘rtasida ulkan salohiyat mavjud va hali ishga solinmagan juda ko‘plab biznes imkoniyatlari bor. Bizga kerak bo‘lgan narsa — ko‘proq muntazam muloqot va bir-birimizni yaxshiroq anglash imkonini beradigan mana shunday uchrashuvlar.

Ikkinchi sessiyada esa biz nihoyatda istiqbolli yo‘nalishga — yashil energetika va strategik minerallar sohasidagi hamkorlikka e’tibor qaratdik. Shimoliy Kengash davlatlari ekologik innovatsiyalar va “yashil” energetikaga o‘tish jarayonining jahon yetakchilaridan sanaladi.

Ularning tajribasi nafaqat tahsinga sazovor, balki Markaziy Osiyo kelajagi uchun ham juda dolzarb. Bu yo‘nalish bo‘yicha yutuqlar mintaqamiz maqsadlari, jumladan, O‘zbekistonning 2030-yilga borib qayta tiklanuvchi energiya ulushini 40 foizga yetkazish rejalari bilan uyg‘unlikda.

Bu marralarga erishish katta investitsiyalarni, zamonaviy texnologiyalarni va ilg‘or muhandislik yechimlarini talab qiladi. Va aynan Shimoliy Kengash mamlakatlari quyosh va shamol energetikasi, aqlli tarmoqlar va yashil vodorod kabi yangi yo‘nalishlarda bizga juda ko‘p narsa bera oladi.

Bugun esa mintaqaviy integratsiya, ta’lim, inson kapitali va raqamlashtirish borasidagi Shimoliy Kengash davlatlari tajribasi kabi birdek muhim masalalarni muhokama qilamiz. Shuningdek, maxsus elchilar sessiyasini o‘tkazamiz — unda Shimoliy Kengash va Markaziy Osiyo davlatlari diplomatlari o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashadilar. Biz bu sessiyani forumning so‘nggi qismiga qo‘ydik, chunki diplomatik vakillarimiz avval ekspertlarning fikrlari va takliflarini eshitib, keyin bu g‘oyalarni amaliyotga qanday tatbiq etish masalasini muhokama qilganlari ma’qul.

Ishonchim komilki, bugungi kun yakunida biz umumiy tasavvurimizni yanada ravshanlashtiramiz va mintaqalarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni ilgari surish uchun aniq, amaliy tavsiyalar to‘plamiga ega bo‘lamiz.

Hurmatli hamkasblar,

Yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo sammitining yana bir muhim natijasi haqida ham qisqacha to‘xtalmoqchiman. Ushbu sammit davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo Hamjamiyatini tashkil etish tashabbusini ilgari surdilar. Agar ushbu tashabbus amalga oshsa, mintaqamiz xalqaro maydonda yanada kuchli, birlashgan pozitsiyaga ega bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida Shimoliy Kengash mamlakatlari bilan ham yanada tizimli va samarali C5+ (yoki hatto C6+) formatida hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Axir, bir nechta davlatlar bilan alohida ishlashdan ko‘ra, yagona muvofiqlashtirilgan platforma bilan muloqot qilish har doim osonroq va samaraliroq.

Hurmatli ishtirokchilar,

Yana bir bor barchangizga minnatdorlik bildiraman va bugungi kun suhbatlari samarali va mazmunli bo‘lishini tilayman.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom