Nutqlar
23.12.2025
|
77
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi siyosat bo'yicha maslahatchisi A.X. Kamilovning «Primakov o‘qishlari»ning O‘zbekistondagi sayyor yig‘ilishi ochilish marosimida so‘zlagan nutqi
2025-yil 20-noyabr, Toshkent

Hurmatli Aleksandr Aleksandrovich!
Hurmatli Fyodor Genrixovich!
Hurmatli elchilar, ekspertlar va tadbir ishtirokchilari!

Avvalo, barchangizni ushbu muhim forum — O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan «Primakov o‘qishlari»ning sayyor yig‘ilishida qutlashga ijozat bergaysiz.

Biz uchun nufuzli ekspertlar, olimlar va amaliyotchilar, davlat tuzilmalari, diplomatik korpus, akademik va tahliliy hamjamiyat vakillarini qabul qilish katta sharafdir.

Mazkur forumni tashkil etishda ko‘rsatgan ko‘magi hamda bugungi global beqarorlik sharoitida nihoyatda zarur bo‘lgan ishonchga asoslangan muloqotni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun Rossiya Fanlar akademiyasi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar institutiga samimiy minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz.

Markaziy Osiyoga doimiy e’tibor qaratib kelayotganligi va mintaqani o‘rganishda chuqur ilmiy yondashuvi, nazariy tahlil bilan amaliy tajribani uyg‘unlashtirishga xizmat qilayotganligi uchun akademik Aleksandr Aleksandrovich Dinkin va Fyodor Genrixovich Voytolovskiyga alohida minnatdorlik bildirmoqchiman.

«Primakov o‘qishlari» haqida Yevgeniy Maksimovich Primakovning boy merosini eslamasdan turib so‘z yuritish mumkin emas. Uning muloqot diplomatiyasi, ko‘p tomonlama hamkorlik va strategik tafakkur haqidagi g‘oyalari bugun har qachongidan ham dolzarb va muhim bo‘lib qolmoqda. Primakov global muammolarni mamlakatlar va mintaqalar manfaatlari prizmasi orqali ko‘ra bilishga o‘rgatgan, o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan muvozanatli va pragmatik tashqi siyosatni shakllantirishga katta hissa qo‘shgan.

Yevgeniy Maksimovich O‘zbekistonda yaxshi tanilgan va yuksak hurmat qozongan edi. U ko‘p bor mamlakatimizga taklif etilgan va faxriy mehmon, yirik olim va mutaxassis sifatida tashrif buyurgan. Menga uning yurtimiz bo‘ylab safarlari davomida hamroh bo‘lish nasib etgan. U mamlakat rahbariyati bilan yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘ygan, bu yerda ko‘plab do‘stlari va hamfikrlari bo‘lgan, universitetlar va olimlar o‘rtasidagi almashinuvni faol qo‘llab-quvvatlab, uzoq muddatli ilmiy hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratgan.

Bugungi kunda «Primakov o‘qishlari» professional fikr almashish, global jarayonlarni tahlil qilish va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish uchun noyob maydon bo‘lib, shu bilan birga to‘plangan tajribani zamonaviy xatarlar bilan uyg‘unlashtirish, mintaqaviy rivojlanish va hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni aniqlashga xizmat qilmoqda.

Hurmatli do‘stlar!

«Primakov o‘qishlari»ning birinchi sayyor yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazish alohida ramziy ahamiyatga ega.

Atigi bir necha kun avval Toshkentda mintaqamiz yetakchilarining yettinchi sammiti — Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Ko‘rib turibman, ko‘pchiligingizda ushbu tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan so‘zlangan nutq matni jamlangan kitobchalar mavjud. O‘ylaymanki, siz ularning asosiy tezislari bilan mustaqil tanishishingiz mumkinligi bois ularni batafsil qayta bayon etishga hojat yo‘q.

Shu bilan birga, davlat rahbarlari tomonidan bildirilgan barcha fikrlar va ilgari surilgan tashabbuslar hamkorligimizni yanada chuqurlashtirishga qaratilganligini alohida ta’kidlashni istardim. Yaqin hamkorlik va amalga oshirilayotgan choralar samaradorligi allaqachon umumiy mintaqaviy o‘ziga xoslikni shakllantiruvchi hamda mintaqaning xalqaro subyektligini mustahkamlovchi muhim omilga aylangan.

Bunga yaqqol dalil sifatida «Markaziy Osiyo plyus» hamkorlik formatlari sonining, jumladan, yetakchi jahon davlatlari va xalqaro birlashmalar bilan hamkorlik doirasining kengayib borayotganligini ko‘rsatish mumkin.

Mazkur formatlar orasida Rossiya Federatsiyasi bilan hamkorlik muhim o‘rin tutadi. Joriy yil oktabr oyida mamlakatlarimiz yetakchilari ishtirokida «Markaziy Osiyo – Rossiya» ikkinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. U sanoat kooperatsiyasi va infratuzilmadan tortib energetika va xavfsizlik masalalarigacha bo‘lgan keng yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikka tomonlarning tayyorligi hamda o‘zaro ishonchning yuqori darajasini namoyon etdi.

Alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Prezidenti mazkur sammitdagi nutqida yuqori darajadagi uchrashuvlarni muntazam o‘tkazish, hukumat rahbarlari o‘rinbosarlarining Muvofiqlashtiruvchi kengashini tashkil etish, transport-logistika bog‘liqligini rivojlantirish, «Markaziy Osiyo – Rossiya Agroekspressi» loyihasi hamda Sanoat injiniringi xabini ishga tushirish, Mintaqaviy kompetensiyalar markazini tashkil etish, energetik hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, ta’lim, madaniyat va ijtimoiy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Mintaqada kechayotgan integratsion jarayonlar va tashqi hamkorlar bilan olib borilayotgan faol ishlar Markaziy Osiyo mintaqasi mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish bilan bir qatorda, xalqaro siyosatning yagona subyekti sifatida boshqa davlatlar bilan konstruktiv hamkorlikni yo‘lga qo‘yayotganligini, butun Yevroosiyo makonida barqarorlik va mustahkamlikni ta’minlashga hissa qo‘shayotganligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Hurmatli hamkasblar!

Biz global tizimda chuqur va jadal o‘zgarishlar sodir bo‘layotgan davrda yashayapmiz. Beqarorlikning kuchayishi, qurolli mojarolar sonining ortishi, xalqaro institutlarga bo‘lgan ishonchning pasayishi, proteksionizmning kuchayishi va texnologik nomutanosibliklar mintaqalar rivoji uchun murakkab muhitni yuzaga keltirmoqda.

Shu sharoitda forumimiz mavzusi — “Markaziy Osiyo: global xatarlar sharoitida mintaqa taraqqiyoti”  — nafaqat o‘zgarib borayotgan jahon tartibida mintaqaning ahamiyati ortib borayotganligini, balki Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida barqarorlik, izchil rivojlanish va jamiyatlarimiz farovonligini ta’minlash yo‘lida strategik muvofiqlashtirish zarurligini ham aks ettiradi.

Bugungi forum umumiy muammolarni muhokama qilish, ustuvor yo‘nalishlarni muvofiqlashtirish va mintaqaviy rivojlanish istiqbollarini belgilash uchun noyob imkoniyat yaratmoqda.

Mazkur forum doirasidagi muhokamalar Markaziy Osiyoni barqaror rivojlanish, ishonch va strategik sheriklik mintaqasi sifatida ilgari surishga xizmat qiladigan aniq tavsiyalar va yangi g‘oyalarni shakllantirishga yordam berishiga ishonaman.

Yana bir bor O‘zbekistonga xush kelibsiz!

Barchangizga samarali ish, jonli va konstruktiv munozaralar, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash hamda zamonaviy dunyo xatarlariga munosib javob topishga xizmat qiladigan mazmunli fikr va g‘oyalar almashinuvini tilayman.

E’tiboringiz uchun rahmat.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom