Anonslar
04.02.2026
|
283
MOXIda «Markaziy Osiyo – Germaniya» tahliliy markazlarining birinchi forumi bo‘lib o‘tadi
2026-yil 5-fevral kuni Markaziy Osiyo xalqaro institutida (MOXI) «Markaziy Osiyo – Germaniya» tahliliy markazlarining birinchi onlayn-forumi bo‘lib o‘tadi.

Forum ekspertlar muhokamasi shaklida o‘tkazilib, Markaziy Osiyo davlatlari va Germaniya Federativ Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalariga bag‘ishlanadi.

Tadbir doirasida 2024-yil sentabr oyida Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan "Markaziy Osiyo - Germaniya" sammiti, shuningdek, 2025-yil aprel oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan "Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi" sammiti yakunlarini inobatga olgan holda, ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikning bugungi holati hamda istiqbollarini muhokama qilish rejalashtirilgan.

Ekspertlar uchrashuvida Markaziy Osiyo davlatlari va Germaniyaning yetakchi tahlil markazlari vakillari, jumladan, Fan va siyosat jamg‘armasi — Xalqaro siyosat va xavfsizlik instituti (SWP) huzuridagi Sharqiy Yevropa va Yevrosiyo tadqiqotlari guruhi, Sharqiy Yevropa va xalqaro tadqiqotlar markazi (ZOiS), shuningdek, Germaniya tashqi siyosat jamiyati (DGAP) vakillari ishtirok etadilar.

Onlayn-forum ishtirokchilar uchun Germaniya va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini mustahkamlashning amaliy yondashuvlarini o‘zaro ko‘rib chiqishga qulay maydon bo‘lib xizmat qiladi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ishlab chiqilgan umumiy pozitsiyalar va aniq tashabbuslar umumlashtirilib, forumning yakuniy materiallarida o‘z aksini topadi. 

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom