Hurmatli Akademiya Prezidenti janob Gao Syan,
Hurmatli Raxim Rasuljonovich,
Muhtaram Janobi Oliylari, Elchi Yu Tsyun,
Hurmatli brifing ishtirokchilari,
Avvalo, xitoylik mehmonlarni va ushbu zalda to‘plangan barcha ishtirokchilarni samimiy qutlashga ijozat bersangiz. Markaziy Osiyo xalqaro instituti uchun Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi a’zosi, Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi Prezidenti janob Gao Syan boshchiligidagi xitoylik olimlar delegatsiyasini qabul qilish katta sharaf ekanligini alohida ta’kidlamoqchiman.
Shubhasiz, Xitoy rahbariyati partiya va mamlakat oldiga kelgusi besh yilga mo‘ljallab qo‘yayotgan vazifalarning ko‘lami katta taassurot qoldiradi. Bizning do‘stimiz, har qanday sharoitda ishonchli, har tomonlama strategik sherigimiz bo‘lgan Xitoyning muvaffaqiyatli rivojlanishi quvonarli holatdir. Bu o’z navbatida O‘zbekiston, umuman Markaziy Osiyo mintaqasining Xitoy bilan hamkorligini kuchaytirish uchun yanada qulay sharoit yaratadi.
Bundan tashqari, o‘tkazilgan Plenum Xitoyning modernizatsiya va davlat boshqaruvi tajribasini o‘rganish nuqtayi nazaridan biz uchun katta qiziqish uyg‘otdi. Mazkur tajribaning muvaffaqiyati so‘nggi o‘n yilliklarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida Xitoy iqtisodiyoti, texnologik va ijtimoiy rivojlanishining jadal o‘sishi bilan yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Shu ma’noda, bugungi tadbir, aslida, mamlakatlarimiz yetakchilari — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin o‘rtasidagi davlat boshqaruvi tajribasi almashuvi va mamlakatlarimizni rivojlantirish masalalari bo‘yicha siyosiy muloqotning mantiqiy davomi hisoblanadi.
Davlatimiz rahbari Xitoyning boshqaruv, jumladan, kambag‘allikka qarshi kurash borasidagi tajribasini o‘rganishga katta ahamiyat bermoqda. Prezident poytaxtimizda va hududlarda o‘tkazilayotgan yig‘ilishlarda ko’pincha sanoat, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarni modernizatsiya qilishda Xitoy tajribasidan foydalanish vazifasini qo’yadi.
Bundan tashqari, tajriba almashish masalalari “Markaziy Osiyo – Xitoy” formatidagi hamkorligimizning muhim yo‘nalishiga aylanmoqda. 2023-yil may oyida Sian shahrida mazkur formatdagi ilk sammit yakunlari bo‘yicha davlat rahbarlari tomonidan qabul qilingan Sian deklaratsiyasida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari “Xitoy Kommunistik partiyasining davlat boshqaruvi sohasidagi tajribasini yuqori baholab, xitoycha modernizatsiya yo‘lining butun dunyo taraqqiyoti uchun katta ahamiyatga ega ekanligini” tasdiqladilar.
Shuningdek, o‘tgan yilning oktabr oyida bo‘lib o‘tgan Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasining Plenumi dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, ayniqsa xalqaro ishbilarmon doiralarda katta qiziqish uyg‘otganligini alohida qayd etmoqchiman. Chunki uning kun tartibidagi eng muhim masalalardan biri Xitoy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining 15-besh yillik rejasini muhokama qilish bo‘ldi.
Bugungi kunda dunyoning ikkinchi yirik iqtisodiyoti bo’lgan Xitoy qayta ishlash sanoati va yuqori texnologiyalar, tovarlar eksporti, qayta tiklanuvchi energetika, yuqori tezlikdagi temir yo‘llar uzunligi hamda boshqa ko‘plab ko‘rsatkichlar bo‘yicha jahonda yetakchi hisoblanadi. Jahon yalpi ichki mahsulotining 19% ortig‘i Xitoyga to‘g‘ri kelib, u ko‘p yillardan buyon dunyo iqtisodiy o‘sishga hissasi bo’yicha etakchi hisoblanadi.
Shu nuqtayi nazardan, 15-besh yillik davrida Xitoyning rivojlanishi global iqtisodiyot hamda dunyo mamlakatlarining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti uchun, ayniqsa Xitoy bilan qo‘shni davlatlar va mintaqalar, jumladan Markaziy Osiyo uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu imkoniyatdan foydalanib, hurmatli Prezident Gao Syan, Xitoy Kommunistik Partiyasining 4-plenum qarorlarining mazmuni va mohiyati bo‘yicha taqdim etilgan ma’lumotlar uchun minnatdorlik bildirmoqchiman. Ushbu masalalar bo‘yicha amalga oshirilgan fikr almashinuvi ikki mamlakatning rivojlanish strategiyalarini uyg‘unlashtirish, o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish va hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini topishga xizmat qiladi.
Plenumdа ilgari surilgan Xitoyning «tashqi dunyoga ochiqlikni kengaytirish» va «Bir makon va bir yo‘l» tashabbusini amalga oshirishga intilishi bizning alohida e’tiborimizni tortdi. Bu shubhasiz, O‘zbekiston-Xitoy strategik hamkorligini yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
So’zim so;ngida, 4-plenum qarorlarini, jumladan 15-besh yillik rejaning qabul qilinishi va amalga oshirilishini muvaffaqiyatli bajarilishini tilab qolaman. Shuningdek, O‘zbekiston va Xitoyning modernizatsiya yo‘lida erishadigan kelgusidagi yutuqlari xalqlarimiz manfaatiga, O‘zbekiston-Xitoy hamkorligini mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonaman.