Tadbirda TDTga a’zo davlatlar tashqi siyosat idoralari rahbarlari, jumladan Ozarbayjon, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya vakillari ishtirok etdi. Yig‘ilish Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan raisligida o‘tkazildi.
Ishtirokchilar joriy geosiyosiy jarayonlarni muhokama qildilar, shuningdek xavfsizlik sohasidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar. Yaqin Sharqdagi vaziyat bo‘yicha turkiy davlatlarning muvofiqlashtirilgan yondashuvini shakllantirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv doirasida Yaqin Sharqda davom etayotgan qurolli mojarolarga nisbatan a’zo davlatlarning umumiy qarashini aks ettiruvchi Qo‘shma bayonot qabul qilindi. Hujjatda ishtirokchilarning siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash va o‘zaro manfaatli masalalar bo‘yicha muvofiqlashtirishni chuqurlashtirishga sodiqligi qayd etilgan.
Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar "TDT+" formatida tashqi tomonlar bilan hamkorlik to‘g‘risidagi nizomni imzoladilar. Mazkur hujjat muloqotni rivojlantirish, hamkorlikni kengaytirish hamda mintaqaviy va xalqaro maydonda o‘zaro aloqalarni chuqurlashtirishga, shuningdek TDTning ko‘p tomonlama diplomatiyadagi nufuzini oshirishga qaratilgan.
Batafsil: https://turkicstates.org/uz/news/informal-meeting-of-the-council-of-foreign-ministers-of-the-organization-of-turkic-states-held-in-istanbul

