Tadbir Institutning O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy diplomatik vakolatxonalar bilan ekspertlik muloqotini va amaliy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan dasturi doirasida tashkil etilmoqda.
Uchrashuv “mehmon ma’ruzasi” formatida o‘tkazilib, o‘zbek-turk hamkorligining zamonaviy bosqichi, Turkiyaning Markaziy Osiyodagi tashqi siyosatining dolzarb masalalari, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlanadi.
Ma’ruza davomida elchi U. Ulutash mintaqaviy hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha Turkiya tomonining yondashuvlarini taqdim etadi, ikki tomonlama munosabatlar dinamikasini hamda mintaqaning barqaror rivojlanishini ta’minlashda ko‘p tomonlama mexanizmlarning rolini yoritadi.
Tadbirda tegishli vazirlik va idoralar vakillari, akademik hamjamiyat, oliy ta’lim muassasalari talabalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etadi.