Anonslar
13.04.2026
|
773
Markaziy Osiyoda suv xavfsizligini ta’minlash masalalari MOXIda muhokama qilinadi
Joriy yilning 14-aprel kuni Markaziy Osiyo Xalqaro instituti (MOXI)da “Iqlim o‘zgarishi sharoitida Markaziy Osiyoda suv xavfsizligini ta’minlash” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tadi.

Tadbir MOXI hamda Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti (IWMI)ning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi tomonidan tashkil etilmoqda.

Uchrashuv joriy yil 22-aprel kuni Astana shahrida bo‘lib o‘tadigan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi (IFAS) Ta’sischi davlatlar rahbarlari kengashi yig‘ilishi arafasida o‘tkaziladi. Mazkur yig‘ilishda Jamg‘arma raisligi keyingi uch yil muddatga O‘zbekistonga o‘tadi.

Davra suhbati davomida Markaziy Osiyoda suv xavfsizligini ta’minlash, iqlim o‘zgarishining oqibatlari (bu jarayon mintaqada global o‘rtacha ko‘rsatkichlardan tezroq kechmoqda) bo‘yicha muvofiqlashtirilgan ekspert yondashuvlari va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Ekspertlar iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslari sohasida mintaqaviy hamkorlik ustuvor yo‘nalishlarini, suv-ekologik sohada hamkorlikni rivojlantirishda IFASning muvofiqlashtiruvchi rolini, shuningdek Markaziy Osiyo davlatlarining Afg‘oniston bilan suv sohasidagi hamkorligini rivojlantirish masalalarini muhokama qiladilar.

Shuningdek, Afg‘oniston bilan hamkorlikning yangi shakllari, ushbu mamlakatni IFAS platformasidagi faoliyatga jalb etish hamda Amudaryo havzasining suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha mintaqaviy muloqotga qo‘shish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlarining yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari, BMT va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) kabi ixtisoslashgan mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus vakillari, shuningdek Afg‘onistondan ekspertlar ishtirok etadi.

Tadbir yakunlari, muhokamalarning asosiy natijalari mintaqa davlatlarining konsolidatsiyalangan yondashuvlarini shakllantirishga hamda IFAS sammiti arafasida amaliy takliflar ishlab chiqishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom