Nutqlar
15.05.2026
|
225
MOXI direktori Javlon Vaxabovning 2026-yilgi "Xitoy - Markaziy Osiyo" inson huquqlarini rivojlantirish forumida nutqi
2026-yil 14-may, Toshkent.

Hurmatli Akmal Xolmatovich,

Hurmatli Vitse-prezident Li Xunkuy,

Elchi Yuy Szyun Janobi Oliylari,

Hurmatli forum ishtirokchilari,

Avvalo, barcha ishtirokchilarni qutlashga va ushbu nufuzli tadbirda ishtirok etish taklifi uchun tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirishga ijozat bergaysiz.

O‘zbekiston va Xitoyning inson huquqlari masalalari bo‘yicha hamkorligi har qanday ob-havoda, har tomonlama strategik sherik bo‘lgan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi siyosiy muloqotning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.

Ushbu sohadagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi yuksak darajasi 2017-yildan boshlab sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgan strategik sherikligimiz rivojidagi ulkan muvaffaqiyatlarning ifodasidir. Bunda ikki davlat rahbarlari - O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasini Raisi Si Szinpin o‘rtasida o‘rnatilgan yaqin, ishonchli munosabatlar muhim rol o‘ynadi.

Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, ikki tomonlama asosda, Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida va "Markaziy Osiyo - Xitoy" formatida ko‘p qirrali iqtisodiy hamkorlik masalalari O‘zbekiston-Xitoy strategik sherikligining eng muhim ustuvor yo‘nalishlari ekanligi prinsipial ahamiyatga ega.

Shu munosabat bilan bugungi anjuman nomining o‘zida inson huquqlari va taraqqiyot masalalari o‘rtasidagi chuqur bog‘liqlikni qo‘llab-quvvatlamay ilojim yo‘q.

Mamlakatimizda taraqqiyot va xalq farovonligini oshirish masalalari strategik rejalashtirishning asosiga qo‘yilgan davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.

Davlat rahbari may oyi boshida Samarqandda bo‘lib o‘tgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi yig‘ilishidagi nutqida so‘nggi yillarda iqtisodiyotga 150 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilingani, minglab zamonaviy korxonalar tashkil etilganini ta’kidlagan edi. Tovar va xizmatlar eksporti 3 barobarga, yalpi ichki mahsulot 50 milliard dollardan 147 milliard dollarga o‘sdi.

Islohotlar jarayonida har bir oila, har bir inson hayotini yaxshilashga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani alohida ta’kidlandi. 8,5 million ehtiyojmand fuqaroning daromadi oshirildi va kambag‘allik darajasini qariyb 35 foizdan 5,8 foizga kamaytirishga erishildi.

Hukumatimiz "O‘zbekiston - 2030" strategiyasi doirasida iqtisodiyotimiz hajmini 240 milliard dollardan oshirish, daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirish va kambag‘allikni to‘liq bartaraf etishni rejalashtirmoqda.

Xitoy, shubhasiz, mamlakatimiz va butun Markaziy Osiyo mintaqasining rivojlanishida juda muhim rol o‘ynaydi. Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo sherigi hisoblanadi. O‘tgan yilgi tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlariga ko‘ra, biz joriy yilning o‘zida davlat rahbarlari tomonidan qo‘yilgan o‘zaro savdoni 20 milliard dollar va undan yuqori darajaga yetkazish maqsadiga erishishimiz mumkin.

Mamlakatda Xitoy kapitali ishtirokidagi korxonalarning o‘sishi muhim ko‘rsatkich bo‘lib, ularning soni 2,1 mingtadan (2023-yilda) 5,2 mingtaga (2026-yilda) oshdi. 2025-yilda Xitoyning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari hajmi 15,8 milliard dollarni tashkil etdi va 2026-yilga borib bu ko‘rsatkichni 21 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Bunga 2024-yilda davlat rahbarlarining kelishuviga muvofiq Toshkentda ochilgan Xitoy Eksimbanki mintaqaviy ofisining faol faoliyati xizmat qiladi.

Bunday dinamika O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik mustahkamlanayotganini tasdiqlaydi va o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi, ayniqsa O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi sharoitida. Ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishiga hech qanday shubha yo‘q.

Strategik sheriklikni mustahkamlashning muhim istiqbollari "Markaziy Osiyo - Xitoy" mintaqaviy hamkorligining yangi formatini rivojlantirish bilan bog‘liq. Sian va Ostona sammitlarining muvaffaqiyatli o‘tkazilishi tufayli qisqa vaqt ichida ushbu mexanizmning institutsional va me’yoriy-huquqiy shakllanishi faol rivojlanmoqda, u mintaqa mamlakatlarining Xitoy bilan ham mintaqaviy, ham ikki tomonlama hamkorligining muhim drayveriga aylanmoqda.

Bunda Sian shahrida muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan ushbu format kotibiyati, qator vazirlar yig‘ilishlari, shuningdek, Markaziy Osiyo - Xitoy Ishbilarmonlar kengashi muhim rol o‘ynamoqda.

Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikning muhim qismi mamlakatlar siyosiy partiyalari va fuqarolik jamiyati tuzilmalari o‘rtasidagi siyosiy muloqotdir. Xususan, "Xitoy - Markaziy Osiyo" siyosiy partiyalar muloqotining ikkita yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, ularda nafaqat partiyalararo hamkorlik va davlat boshqaruvi tajribasi almashilmoqda, balki kambag‘allikni qisqartirish, ekologik siyosat va raqamli transformatsiya kabi sohalarda hamkorlikni rivojlantirish rejalari ham muhokama qilinmoqda.

Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, "Markaziy Osiyo - Xitoy" formatidagi dastlabki ikki sammitning yakuniy hujjatlari - Sian va Ostona deklaratsiyalarida mintaqa davlatlari va XXR rahbarlari xalqaro tinchlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlashda BMTning markaziy rolini mustahkamlashga sodiqligini tasdiqladilar, shuningdek, inson huquqlari masalalarini siyosiylashtirishga urinishlarga qarshi chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Shu nuqtayi nazardan, "Markaziy Osiyo - Xitoy" inson huquqlarini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro forumi" ixtisoslashtirilgan platformasi doirasidagi hamkorlikni ilgari surish hamkorlikning muhim ustuvor yo‘nalishi bo‘ldi. Ushbu maydondagi muloqotda ishtirokchilarning kambag‘allikka barham berish va iqtisodiy taraqqiyot inson huquqlarini ta’minlashning poydevori ekanligidan kelib chiqishi prinsipial ahamiyatga ega.

Shu munosabat bilan bugungi forumning kun tartibi va dasturi, jumladan, kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirish, ekologiya, "yashil" taraqqiyot va inson huquqlari, raqamli va intellektual texnologiyalarni ilgari surish kabi yo‘nalishlarda yuqori sifatli rivojlanish orqali inson huquqlari sohasidagi taraqqiyotni ilgari surish bo‘yicha hamkorlik masalalari to‘liq qo‘llab-quvvatlashga loyiq.

So‘zimning yakunida ushbu nufuzli forum muvaffaqiyatli o‘tishini, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikni mamlakatlarimiz xalqlari farovonligi yo‘lida rivojlantirish bo‘yicha qiziqarli ma’ruzalar va samarali takliflar berilishini tilashga ijozat bergaysiz.

E’tiboringiz uchun rahmat.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom