Forumda O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iz Respublikasi o‘rtasidagi keng ko‘lamli strategik hamkorlik rivojlanib borayotgani e’tirof etilib, yoshlar parlament diplomatiyasini rivojlantirish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, shuningdek, bu jarayonda yoshlar ishtirokini kengaytirish, innovatsiya, ta’lim, ekologiya va raqamli texnologiyalar sohasida qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish masalalari muhokama qilindi.

Forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti va Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi To‘rag‘asi huzuridagi Yoshlar kengashi o‘rtasida Hamkorlik bitimi imzolandi. Bundan maqsad yosh parlamentariylar o‘rtasida doimiy muloqot maydonini shakllantirish, qonunchilik tashabbuslari yuzasidan tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan iborat.

Qirg‘izistonlik yosh parlamentariylar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, “IT Park”, “Kreativ Park” va Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, innovasion muhit va boy ma’naviy meros bilan tanishdi.
