Markaziy Osiyo davlatlari yangiliklari
28.07.2026
|
349
MOXI vakillari Andijon viloyatini rivojlantirishning yangi imkoniyatlarini o‘rganmoqda
Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) ekspertlari Andijon viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini kompleks tahlil qilib kelishmoqda.

Mazkur ish O‘zbekistonning yetakchi "aql" markazlarini mamlakatning alohida hududlari va iqtisodiyot tarmoqlariga biriktirish hamda ularni yanada rivojlantirish bo‘yicha ilmiy asoslangan va amaliyotga tatbiq etish mumkin bo‘lgan takliflarni ishlab chiqishni nazarda tutuvchi yangi mexanizm doirasida amalga oshirilmoqda.

Tadqiqot jarayonida MOXI statistik tahlil, joylarda o‘rganishlar olib borish va aholi bilan bevosita muloqotni uyg‘unlashtirishga asoslangan hududiy rivojlanish bo‘yicha ilg‘or xalqaro yondashuvlarni qo‘llamoqda. Bunday format har bir shahar, tuman va mahallaning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olish, mavjud muammolar bilan bir qatorda ularning tub sabablarini aniqlash, shuningdek, iqtisodiy o‘sishning foydalanilmayotgan zaxiralarini belgilash imkonini beradi.

Institut ekspertlari joylarga chiqqan holda tadqiqotlar olib borishmoqda, korxonalar, sanoat zonalari, issiqxona xo‘jaliklari va infratuzilma obyektlari faoliyati bilan tanishmoqda, shuningdek, biznes va mahalla vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Bandlikni ta’minlash, investitsiyalarni jalb etish, eksportni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, xizmatlar ko‘lamini oshirish hamda mavjud resurslardan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Amalga oshirilgan ishlar yakunida Andijon viloyatining rivojlanish holati bo‘yicha kompleks tahliliy baho, shuningdek, shahar va tumanlar kesimida tizimli muammolarni bartaraf etish hamda qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solishga qaratilgan «yo‘l xaritalari» ishlab chiqiladi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom