Markaziy Osiyo davlatlari yangiliklari
04.08.2026
|
64
Tojikiston, Eron va Afg‘oniston yuk tashish uchun yangi transport yo‘lagini ishga tushirmoqda
Tojikiston, Eron va Afg‘oniston tijorat yuklarini tashishga mo‘ljallangan uch tomonlama avtomobil transport yo‘lagini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Uchala mamlakat yuk avtomobillari ishtirokidagi dastlabki sinov qatnovini bir oy ichida amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu haqda Tojikiston Transport vazirligi ma’lum qildi.

Kelishuvga joriy yilning 14–15-iyul kunlari Eronning Mashhad shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida erishilgan. Uchrashuv natijasida uch mamlakat vakillari yangi transport yo‘nalishini tashkil etish to‘g‘risidagi bayonnomani imzoladi.

Sinov tashuvi davomida transport, bojxona va chegara tartib-taomillarining amalda qanday ishlashi, shuningdek, Tojikiston, Afg‘oniston va Eronning tegishli idoralari o‘rtasidagi hamkorlik samaradorligi tekshiriladi.

Loyihani amalga oshirish maqsadida doimiy uch tomonlama ishchi guruh tuzildi. Guruh erishilgan kelishuvlarning bajarilishini nazorat qiladi, yuzaga keladigan masalalarni hal etadi hamda transport yo‘lagini yanada rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.

Bundan tashqari, tomonlar chegara infratuzilmasini yaxshilash, yuk avtomobillarining chegarada kutish vaqtini qisqartirish, haydovchilar uchun hujjatlarni rasmiylashtirish tartibini soddalashtirish va yuk tashuvlarini sug‘urtalash mexanizmlarini rivojlantirish bo‘yicha kelishib oldi.

Shuningdek, yuk avtomobillari parkini yangilash, yo‘lbo‘yi infratuzilmasini barpo etish hamda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti imkoniyatlaridan foydalanish masalalari ham muhokama qilinmoqda.

Kelgusida yangi transport yo‘lagini Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari va Xitoygacha uzaytirish rejalashtirilgan.

Tojikiston, Eron va Afg‘oniston vakillarining navbatdagi uchrashuvi 2026-yil oktabr oxiri - noyabr boshida Kobul shahrida o‘tkazilishi kutilmoqda. Unda tomonlar sinov tashuvi natijalarini sarhisob qilib, keyingi qadamlarni muhokama qiladi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom