Markaziy Osiyo davlatlari yangiliklari
21.08.2026
|
188
Ilhom Aliyev: Ozarbayjon va O‘zbekiston munosabatlari misli ko‘rilmagan rivojlanish bosqichiga qadam qo‘ydi
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekistonga bo‘lajak davlat tashrifi arafasida O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga (O‘zA) kengaytirilgan intervyu berdi. Suhbat markazida ikki mamlakatning ittifoqchilik munosabatlari, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorligi, transport bog‘liqligi hamda mintaqaviy kun tartibi kabi masalalar bo‘ldi.

Ikki tomonlama aloqalar haqida so‘z yuritar ekan, Ilhom Aliyev ularni mustahkamlash va o‘zaro hamkorlikning bugungi eng yuksak darajasi – ittifoqchilikka erishishda Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘rnini alohida qayd etdi. Shuningdek, u O‘zbekistondagi o‘zgarishlar ko‘lamini, iqtisodiyot va infratuzilma rivojining jadal sur’atlarini hamda mamlakatning xalqaro maydondagi mavqeyi mustahkamlanayotganini yuqori baholadi. Uning ta’kidlashicha, yetakchilarning o‘zaro ishonchi va muntazam muloqoti munosabatlarga misli ko‘rilmagan sur’at bag‘ishladi: so‘nggi besh yil ichida oliy darajadagi 15 ta o‘zaro tashrif amalga oshirildi.

Savdo, sarmoya va transport ittifoqchilikning amaliy mazmuniga aylandi. 2025-yilga kelib tovar ayirboshlash hajmi uch baravardan ziyod o‘sib, 795 million dollarni, Ozarbayjon–O‘zbekiston investitsiya kompaniyasining umumiy kapitali esa 500 million dollarni tashkil etdi. Tranzit tashuvlari hajmi 1,4 million tonnaga yetdi, Ozarbayjonda esa O‘zbekiston sarmoyasi ishtirokidagi 130 dan ortiq kompaniya ro‘yxatga olindi.

Mintaqaviy kun tartibida Ilhom Aliyev Ozarbayjonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlarida to‘laqonli ishtirok etayotganini alohida ta’kidladi: uning so‘zlariga ko‘ra, “C5” formati amalda “C6”ga aylangan. Umumiy ustuvor vazifalar qatorida “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘lini O‘rta yo‘lak va TRIPP yo‘nalishi bilan tutashtirish, shuningdek, Kaspiy dengizi orqali “yashil” energiya yo‘lagini rivojlantirish belgilab olindi.

 Batafsil: To'liq intervyu

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom