“Markaziy Osiyo – Koreya” sanoat-texnologik parki: alohida ishlab chiqarishlardan mintaqaviy maydonga
21.09.2026
|
334
Seulda boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasi rahbarlarning birinchi sammitida soʻzga chiqqan Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston hududida “Markaziy Osiyo – Koreya” sanoat-texnologik parkini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

Mazkur tashabbusni taqdim etar ekan, Davlatimiz rahbari uni amalga oshirish «tomonlarning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy imkoniyatlarini yagona biznes mantiqida birlashtirish»ga qaratilganini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, yangi maydon alohida qoʻshma loyihalarni amalga oshirishdan tomonlarning yanada kompleks ishlab chiqarish-texnologik kooperatsiyasini shakllantirishga oʻtishga xizmat qilishi lozim.

Ushbu gʻoyani rivojlantirib, Prezident, shuningdek, «birgalikdagi saʼy-harakatlarni avtokomponentlar, elektrotexnika, mashinasozlik, farmatsevtika va kimyo sanoati mahsulotlarini ishlab chiqarishga yoʻnaltirish»ni taklif qildilar.

Tashabbus shunchaki sanoat zonasini emas, balki kompleks ishlab chiqarish-texnologik maydonni yaratishni nazarda tutishi alohida ahamiyatga ega. Bu Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasining koʻp tomonlama ishtirokiga moʻljallangan.

Bunday format investitsiya loyihalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, muhandislik kompetensiyalarini rivojlantirish, ilmiy-texnologik hamkorlik va kadrlar tayyorlash bilan bogʻlash imkonini beradi hamda xorijiy kompaniyalarning mintaqa iqtisodiyotida yanada chuqurroq ishtirok etishi uchun sharoit yaratadi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston rahbarining tashabbusi O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha to‘plangan tajribaga asoslanadi. Bunga misol sifatida 2008-yil dekabrda tashkil etilgan «Navoiy» erkin sanoat-iqtisodiy zonasida koreys kompaniyalari bilan yoʻlga qoʻyilgan sanoat kooperatsiyasini qayd etish mumkin, u yerda keyinchalik avtokomponentlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan.

2017-yilda tomonlar koreys tomonining grant koʻmagida Oʻzbekiston-Koreya oʻquv-amaliy toʻqimachilik texnoparkini tashkil etdi, bu esa «texnologiyalar – tadqiqotlar – kadrlar – ishlab chiqarish» bogʻliqligini shakllantirish imkonini berdi.

2024-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, avtomobilsozlik, kimyo sanoati, kritik minerallar, mikroelektronika va robototexnika sohalaridagi loyihalarni qamrab oluvchi mintaqaviy yuqori texnologiyali xabni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Bunday sanoat-texnologik hamkorlikning modeli nafaqat Oʻzbekistonda, balki Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida ham rivojlanmoqda, ularda ham koreys kompaniyalari ishtirokidagi loyihalarning oʻz tarmogʻi shakllangan.

Xususan, Qirgʻizistonda koreys kompaniyalari «Bishkek» erkin iqtisodiy zonasidagi texnopark va Yuqori texnologiyalar parkini rivojlantirishda, Qozogʻistonda qurilish va raqamli infratuzilmadan tortib moliya sektorigacha boʻlgan keng yoʻnalishlarni qamrab olgan «Alatau City» loyihalarini amalga oshirishda, Turkmanistonda sanoatni raqamlashtirish va «aqlli shaharlar» ni rivojlantirishda, Tojikistonda esa sunʼiy intellektni joriy etish va sanoatni raqamlashtirishda ishtirok etmoqda.

Shunday qilib, texnoparkni tashkil etish tashabbusi mintaqa davlatlarida Koreya ishtirokida faoliyat yuritayotgan milliy maydonlar tajribasiga tayanadi hamda alohida loyihalarni yagona mintaqaviy sanoat-texnologik kooperatsiya tizimiga birlashtirish imkonini beradi.

Bu mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, ish oʻrinlari yaratish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan milliy strategiyalarini amalga oshirayotgan sharoitda alohida dolzarblik kasb etadi.

Bunday sharoitda chuqurroq mahalliylashtirish, kadrlar tayyorlash, zamonaviy ishlab chiqarish standartlarini joriy etish va raqobatbardosh yetkazib beruvchilar tarmogʻini shakllantirish korxonalarni jahon standartlari va amaliyotiga moslashtirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi.

Shunday qilib, tashabbusning amaliy ahamiyati bir necha oʻzaro bogʻliq jihatlar bilan belgilanadi. Birinchidan, bu alohida loyihalar doirasidan chiqadigan sanoat va texnologik kooperatsiya uchun doimiy platforma yaratadi. Ikkinchidan, bu chuqurroq mahalliylashtirish va yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarishga oʻtish boʻyicha Markaziy Osiyo uchun umumiy boʻlgan vazifaga javob beradi. Uchinchidan, bu koreys texnologiyalari va sanoat tajribasini mintaqaning ishlab chiqarish, resurs va bozor salohiyati bilan birlashtirish imkonini beradi.

Yakuniy natijada, Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbus yagona loyiha doirasida koreys texnologik bazasi, mintaqa mamlakatlarining koʻp tomonlama ishtiroki, Oʻzbekistonning ishlab chiqarish salohiyati va Markaziy Osiyo umumiy bozoriga yoʻnaltirilganlikni birlashtirishi mumkin. Bu “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” formati doirasida qoʻshma ishlab chiqarish, texnologik hamkorlik va mintaqaviy taʼminot zanjirlarini rivojlantirishning barqaror tizimini shakllantirish uchun zamin yaratadi.

Ibragimov Ibroximxo'ja, Markaziy Osiyo Xalqaro Instituti

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom