Qo‘shma past uglerodli energetika salohiyati konsepsiyasi: Markaziy Osiyo uchun yangi imkoniyatlar
10.10.2026
|
184
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-oktyabr kuni Avaza shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvida Kam uglerodli energetika salohiyati bo‘yicha qo‘shma konsepsiyani tayyorlash tashabbusi bilan chiqdi.

Mazkur tashabbus ushbu formatga kiruvchi mamlakatlarning energetika salohiyatidan oqilona foydalanish hamda mintaqaning “yashil” energetikasini rivojlantirishga kompleks yondashish zaruratiga asoslanadi.

«Mintaqamiz turli resurslarga ega. Uglevodorodlarning salmoqli zaxiralari hamda gidroenergetika, quyosh va shamol generatsiyasining ulkan salohiyati mavjud. Aynan mana shu xilma-xillik mamlakatlarimizga bir-birini to‘ldirish imkonini beradi», – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbarining fikricha, ushbu taklif yangi generatsiya quvvatlarini barpo etish, zamonaviy energiya saqlash tizimlarini rivojlantirish va yangi energetika yo‘laklarini yaratish borasidagi muvofiqlashtirishni yaxshilash imkonini beradi.

Taklif etilayotgan yondashuv mintaqa energetikasining asosiy xususiyatlaridan biri — resurslarning notekis taqsimlanishini inobatga oladi. Bu esa, samarali muvofiqlashtirilgan taqdirda, milliy energiya tizimlarining bir-birini to‘ldirishiga asos bo‘la oladi. Masalan, mintaqadagi gidroresurslarning qariyb 80 foizi Qirg‘iziston va Tojikiston hissasiga to‘g‘ri kelsa, Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekistonda issiqlik energiyasi ishlab chiqarish muhim o‘rin tutadi.

Shu bilan birga, mintaqaning energetika manzarasi asta-sekin o‘zgarib bormoqda: Markaziy Osiyo davlatlari qayta tiklanuvchi energiya, eng avvalo, quyosh va shamol energetikasi quvvatlarini oshirmoqda. Markaziy Osiyoning g‘arbiy bozorlar bilan energetik bog‘liqligini mustahkamlashi mumkin bo‘lgan Ozarbayjon bilan hamkorlik ham mintaqaviy aloqalarni kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Tashabbusning alohida ahamiyati O‘zbekiston Prezidentining Markaziy Osiyoning yagona energetika makonini shakllantirishga qaratilgan strategik yondashuvida namoyon bo‘ladi. Davlat rahbarining taklifi mintaqa mamlakatlarining energetika resurslari nafaqat o‘z-o‘zicha, balki ularning o‘zaro bir-birini to‘ldirish xususiyati nuqtayi nazaridan ham katta ahamiyatga ega ekanini anglashni aks ettiradi. Milliy ustuvor yo‘nalishlarni muvofiqlashtirish, davlatlararo infratuzilmani rivojlantirish va birgalikda rejalashtirish ushbu salohiyatni butun mintaqa manfaatlari yo‘lida ro‘yobga chiqarish imkonini beradi.

Shu nuqtayi nazardan, Qo‘shma konsepsiya mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashning muhim vositasiga aylanishi mumkin. Uni amalga oshirish mavjud resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini integratsiya qilish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish va investitsiyalarni jalb etish uchun yanada barqaror asosni shakllantirish imkonini beradi. Shu bilan birga, energetika sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarni muvofiqlashtirish nafaqat mavjud infratuzilmaga oid dolzarb vazifalarni hal etishga, balki Markaziy Osiyo energetikasini rivojlantirishning uzoq muddatli istiqbollarini belgilashga ham xizmat qiladi.

Tashabbusning amaliy ahamiyati o‘zaro bog‘liq uchta jihat bilan belgilanadi. Birinchidan, u generatsiya quvvatlarini rivojlantirish rejalarini muvofiqlashtirish, elektr energiyasining o‘zaro yetkazib berilishini kengaytirish va milliy resurslardan yanada oqilona foydalanish orqali mintaqa davlatlarining energetika sohasidagi o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash imkonini beradi. Ikkinchidan, quyosh va shamol energetikasi quvvatlarini integratsiya qilish, energiyani saqlash tizimlarini joriy etish hamda davlatlararo infratuzilmani modernizatsiya qilishni o‘z ichiga olgan kam uglerodli energetikani jadal rivojlantirish uchun sharoit yaratadi. Uchinchidan, qo‘shma investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va Markaziy Osiyoning tashqi bozorlar bilan energetika aloqalarini kengaytirish, shu orqali mintaqaning xalqaro energetika hamkorligidagi mavqeini mustahkamlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochadi.

Shunday qilib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi O‘zbekistonning mintaqaviy rivojlanish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan kun tartibini shakllantirishda faol ishtirok etishga intilishini namoyon etadi. Tashabbusning alohida ahamiyati Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjonning energetika salohiyatini birlashtirish hamda undan butun mintaqa manfaatlari yo‘lida samarali foydalanish uchun sharoit yaratishdan iborat. Ushbu yondashuvni izchil amalga oshirish o‘zaro ishonchni mustahkamlash, mintaqaning umumiy energetika salohiyatini ro‘yobga chiqarish va uning barqaror iqtisodiy rivojlanishi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish imkonini beradi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom
Savolingiz bormi? AI Maslahatchi
IICA
IICA Virtual Assistant
Onlayn