TURKIY DAVLATLAR TASHKILOTI: MUSHTARAK O‘ZLIKDAN AMALIY HAMKORLIK SARI
14.11.2026
|
186
Ilgari Turkiy davlatlar tashkiloti asosan umumiy tarixiy, madaniy va til rishtalarini mustahkamlash maydoni sifatida qaralgan bo‘lsa, bugun u savdo, transport, investitsiyalar, raqamli transformatsiya va mintaqaviy bog‘liqlik sohalarida aniq natijalarga yo‘naltirilgan hamkorlik mexanizmiga aylangan.

So‘nggi yillarda Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) sezilarli o‘zgarishlarni boshdan kechirdi.

Ilgari Tashkilot asosan umumiy tarixiy, madaniy va til aloqalarini rivojlantirish maydoni sifatida qaralgan bo‘lsa, bugun u savdo, transport, investitsiyalar, raqamli transformatsiya va mintaqaviy bog‘liqlik sohalarida amaliy hamkorlikni rivojlantirish mexanizmiga aylandi.

An’anaviy xalqaro institutlar geosiyosiy cheklovlarga tobora ko‘proq duch kelayotgan bir sharoitda TDT a’zo davlatlar uchun muloqot, siyosatni muvofiqlashtirish va qo‘shma loyihalar orqali umumiy muammolarni hal etishning pragmatik maydoni bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda TDT Davlat rahbarlari kengashi, Tashqi ishlar vazirlari kengashi, Yuqori mansabdor shaxslar qo‘mitasi, Oqsoqollar kengashi va Kotibiyatdan iborat ko‘p bosqichli institutsional tuzilmaga ega.

Mazkur tuzilma siyosiy yondashuvlarni muvofiqlashtirishga, sammitlarda qabul qilingan qarorlar ijrosida izchillikni ta’minlashga hamda hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

2021-yilda «Turkiy dunyo nigohi – 2040» strategiyasining qabul qilinishi Tashkilot taraqqiyotida muhim bosqich bo‘ldi. Hujjat TDTning uzoq muddatli rivojlanish yo‘nalishlari, ustuvor vazifalari va kelajakdagi maqsadlarini belgilab berdi. Shu bilan birga, strategik maqsadlarni muvofiqlashtirilgan siyosat va aniq tashabbuslarga aylantirish uchun konseptual asos yaratdi.

Ushbu strategik qarashlarni ro‘yobga chiqarishda a’zo davlatlarning, xususan, O‘zbekistonning hissasi muhim bo‘ldi. Germaniya xalqaro siyosat va xavfsizlik instituti (SWP) tadqiqotchisi Darya Isachenkoning ta’kidlashicha, O‘zbekiston mintaqaviy bog‘liqlik va funksional integratsiyaga asoslangan pragmatik kun tartibini shakllantirishda muhim rol o‘ynagan.

Bunday amaliy yondashuv 2022-yilda Samarqandda o‘tkazilgan sammitda yaqqol namoyon bo‘ldi. Uning muhim natijalaridan biri Turkiy investitsiya jamg‘armasining tashkil etilishi bo‘ldi. TDTning ilk ixtisoslashgan moliya instituti sifatida Jamg‘arma qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish mexanizmini yaratib, Tashkilotning aniq iqtisodiy natijalarga e’tibori ortib borayotganini ko‘rsatdi.

O‘zbekiston bu jarayonda faol tashabbuskorlardan biri sifatida maydonga chiqdi. Mamlakatimiz TDTga qo‘shilganidan buyon Prezident Shavkat Mirziyoyev transport bog‘liqligini mustahkamlash, savdo tartib-taomillarini soddalashtirish, sanoat kooperatsiyasi, raqamli transformatsiya va investitsiyaviy sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni izchil ilgari surmoqda. Ushbu sa’y-harakatlar TDT faoliyatining amaliy mazmunini boyitib, uning samarali mintaqaviy hamkorlik platformasi sifatidagi o‘rnini mustahkamladi.

Anqara inqiroz va siyosat tadqiqotlari markazi eksperti Aidana Baqtibek qizi ham shunga yaqin fikrni ilgari suradi. Uning baholashicha, O‘zbekistonning TDTga qo‘shilishi Tashkilotning mintaqadagi jozibadorligini oshirib, turkiy davlatlar o‘rtasidagi amaliy siyosiy hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi.

O‘zbekiston va Turkiya munosabatlarining jadal rivojlanishi ham ushbu strategik yondashuvning amaliy ifodasidir. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘anning siyosiy irodasi tufayli ikki tomonlama munosabatlar keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. 2026-yil yanvar oyida Anqarada o‘tkazilgan Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi tomonlarning hamkorlikni chuqurlashtirish va TDTning umumiy maqsadlariga erishish yo‘lidagi qat’iyatini tasdiqladi.

Iqtisodiy hamkorlik TDT faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bugungi kunda a’zo davlatlarning jami aholisi qariyb 178 million kishini tashkil etadi. Ularning nominal yalpi ichki mahsuloti 1,8 trillion AQSh dollaridan, umumiy tashqi savdo aylanmasi esa 1,1 trillion dollardan oshadi. Bu ko‘rsatkichlar Tashkilotning Yevroosiyo iqtisodiyotidagi salmoqli o‘rnini namoyon etadi.

Mazkur salohiyat a’zo davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarda tobora yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. TDT Kotibiyati ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmi 22–23 milliard dollarga yetib, o‘n yillik boshiga nisbatan deyarli ikki baravar oshgan.

O‘zbekiston misolida ham ushbu tendensiya yaqqol namoyon bo‘lmoqda. 2025-yilda mamlakatimizning TDTga a’zo davlatlar bilan savdo aylanmasi 9 milliard dollardan oshdi. Bu ko‘rsatkich 2019-yilda 4,2 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lib, o‘zaro iqtisodiy aloqalarning jadal kengayayotganidan dalolat beradi.

Hozir O‘zbekistonda Turkiya kapitali ishtirokidagi 2 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda, qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli esa 5 milliard dollardan oshadi. Asosan to‘qimachilik, qurilish materiallari ishlab chiqarish, elektrotexnika va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash sohalarini qamrab olgan ushbu loyihalar TDT doirasidagi iqtisodiy hamkorlik savdo bilan cheklanmay, sanoat kooperatsiyasi, texnologiyalar transferi va uzoq muddatli investitsiyalar orqali ham rivojlanayotganini ko‘rsatmoqda.

Tashkilotning strategik ahamiyatini uning geografik joylashuvi ham belgilaydi. Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Turkiyani qamrab olgan TDT makoni Sharqiy Osiyoni Yevropa bozorlari bilan bog‘lovchi Yevroosiyo transport yo‘nalishlarida muhim o‘rin egallaydi. Shu bois transport bog‘liqligi oddiy logistika masalasidan mintaqaviy iqtisodiy integratsiya va ta’minot zanjirlari barqarorligini mustahkamlashning strategik ustuvor yo‘nalishiga aylandi.

O‘rta yo‘lak TDT doirasida transport bog‘liqligini rivojlantirishning asosiy tashabbuslaridan biridir. Mazkur yo‘nalish orqali yuk tashish hajmi 2021-yilda 1 million tonnadan kam bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilda 4,5 million tonnadan oshdi. Bu uning Yevroosiyo savdosidagi roli ortib borayotganini ko‘rsatadi. Transport infratuzilmasiga yo‘naltirilayotgan muvofiqlashtirilgan investitsiyalar va bojxona tartib-taomillarining modernizatsiya qilinishi yo‘lak samaradorligini oshirib, uni Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi savdoning raqobatbardosh muqobil yo‘nalishiga aylantirmoqda.

Yo‘lakning raqobatbardoshligi jismoniy va raqamli infratuzilmaning takomillashuvi hisobiga ham ortmoqda. Xususan, Boku portining modernizatsiya qilinishi, elektron yuk xatlari (e-CMR) joriy etilishi va bojxona tartib-taomillarining uyg‘unlashtirilishi Xitoy va Yevropa davlatlari o‘rtasida yuk yetkazish muddatini 40–50 kundan taxminan 18–23 kungacha qisqartirish imkonini berdi. Bu natijalar mintaqaviy transport bog‘liqligining samaradorligi nafaqat yangi infratuzilmaga, balki chegaralararo boshqaruv sifatiga ham bog‘liqligini ko‘rsatadi.

Transport infratuzilmasini rivojlantirish bilan bir qatorda, raqamli integratsiya ham TDTning strategik ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu 2026-yil may oyida Turkiston shahrida o‘tkazilgan norasmiy sammitda yaqqol namoyon bo‘lib, sun’iy intellekt va raqamlashtirish masalalari kun tartibidan muhim o‘rin oldi. Muhokamalar kelajakdagi iqtisodiy barqarorlik nafaqat infratuzilmaga, balki texnologik salohiyat, raqamli boshqaruv va innovatsiyalarga ham bog‘liqligi tobora chuqurroq anglanayotganini ko‘rsatdi.

Bu ustuvorliklar O‘zbekistonning ichki islohotlarida ham o‘z aksini topmoqda. 2025-yilda mamlakatning IT xizmatlari eksporti 1 milliard dollardan oshib, 2020-yilga nisbatan qariyb besh baravar ko‘paydi. Xalqaro bozorlarda faoliyat yuritayotgan IT-parklar va texnologik kompaniyalar tarmog‘ining kengayishiga tayangan holda O‘zbekiston TDT doirasida o‘zaro uyg‘un ishlaydigan raqamli xizmatlarni rivojlantirish, innovatsion sheriklikni kuchaytirish va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan qo‘shma dasturlarni ilgari surmoqda.

Biroq TDTning imkoniyatlari iqtisodiy aloqalar bilangina cheklanmaydi. Mushtarak tarix, tillar yaqinligi va madaniy rishtalar Tashkilotga o‘ziga xos ustunlik beradi. Ushbu meros Xalqaro turkiy akademiya, TURKSOY va Turkiy universitetlar ittifoqi kabi tuzilmalar orqali ta’lim, ilm-fan va xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Ta’lim sohasidagi hamkorlik ushbu jarayonning eng sezilarli natijalaridan biridir. Taxminiy baholarga ko‘ra, hozir Turkiya universitetlarida Markaziy Osiyo mamlakatlaridan 91 ming nafar talaba tahsil olmoqda. So‘nggi yigirma yil davomida esa «Türkiye Bursları» dasturi doirasida 26 mingdan ortiq davlat stipendiyasi ajratilgan.

Kelgusida TDT taraqqiyoti a’zolar sonini ko‘paytirishdan ko‘ra, mavjud a’zolar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishga ko‘proq bog‘liq bo‘ladi. Buning uchun temir yo‘l tizimlari o‘rtasidagi nomuvofiqlikni bartaraf etish, Kaspiy transport yo‘lagini modernizatsiya qilish va Kaspiy dengizi sathining pasayishi bilan bog‘liq ekologik muammolarga yechim topish zarur.

Tariflar, bojxona tartib-taomillari va texnik reglamentlarni yanada uyg‘unlashtirish, shuningdek, «Markaziy Osiyo+» va «TDT+» formatlaridan faol foydalanish Fors ko‘rfazi davlatlari, Yevropa Ittifoqi va Xitoy kabi tashqi sheriklar bilan hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi mumkin.

Aynan shu yo‘nalishlardagi natijalar TDTning Yevroosiyodagi eng jadal rivojlanayotgan mintaqaviy platformalardan biri sifatidagi mavqeini qanchalik mustahkamlay olishini belgilaydi.

TDT tajribasi shuni ko‘rsatadiki, mushtarak o‘zlik aniq tashabbuslar va ularning amaliy ijrosi bilan uyg‘unlashgandagina mintaqaviy hamkorlik yuqori samara beradi.

Xalqaro munosabatlarda parokandalik kuchayib borayotgan bir sharoitda TDT nafaqat a’zo davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish, balki kelgusi yillarda Yevroosiyoda mintaqaviy integratsiyaning yetakchi platformalaridan biriga aylanish imkoniyatiga ham ega.

 

Nizomiddin Ziyomov, PhD

Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) bosh ilmiy xodimi

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom
Savolingiz bormi? AI Maslahatchi
IICA AI
IICA Virtual Assistant
Onlayn