Munozaraga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdulaziz Kamilov moderatorlik qildi. Muhokamada Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining ilmiy rahbari V. Naumkin, Rossiya Fanlar akademiyasi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar instituti (IMEMO) Yaqin Sharq tadqiqotlari markazi rahbari I. Zvyagelskaya, Qatar Global strategik tadqiqotlar instituti ijrochi direktori M. Shixi hamda Turkiya Geosiyosiy prognozlash instituti raisi G. Alpar ishtirok etdi.
Sessiyani ochar ekan, A. Kamilov Yaqin Sharq o‘zining zamonaviy tarixidagi eng murakkab davrlardan birini boshdan kechirayotganini, mintaqada kechayotgan jarayonlar esa xalqaro xavfsizlikka bevosita ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi. Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari uchun Yaqin Sharqning barqarorlik, hamkorlik va izchil rivojlanish makoni sifatida saqlanib qolishi prinsipial ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Zero, mojarolarning keskinlashuvi mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik va xavfsizlik uchun uzoq muddatli xavf-xatarlarni yuzaga keltirmoqda.

Naumkinning fikricha, Eron inqirozini tartibga solish istiqbollari ko‘p jihatdan tomonlarning siyosiy muloqotga tayyorligiga bog‘liq bo‘ladi. Shu bilan birga, muzokaralar jarayoniga ko‘maklashishda Qatar va Pokistonni ham o‘z ichiga olgan mintaqaviy davlatlarning o‘rni tobora ortib bormoqda.
Qatar vakili M. Shixi barcha manfaatdor tomonlar o‘rtasida murosaviy yechimlarni izlash zarurligini ta’kidlab, mintaqaviy muloqotni rivojlantirish va Falastin masalasini tartibga solmasdan turib vaziyatni yanada barqarorlashtirish mumkin emasligini qayd etdi.
O‘z navbatida, G. Alpar Yaqin Sharqda barqarorlikni ta’minlashda iqtisodiy omillar va energetik xavfsizlikning ahamiyati tobora ortib borayotganiga e’tibor qaratdi hamda keyingi keskinlashuvning oldini olish uchun mintaqaviy davlatlar sa’y-harakatlarini birlashtirish muhimligini ta’kidladi.
Zvyagelskaya Yaqin Sharqdagi cho‘zilib ketayotgan mojarolarning ichki sabablariga alohida e’tibor qaratdi. Uning fikricha, milliy o‘zlik, davlat institutlarining holati va to‘planib qolgan tarixiy ziddiyatlar bilan bog‘liq masalalarni inobatga olmasdan turib barqaror tartibga solishga erishib bo‘lmaydi. Shu bilan birga, tinchlik jarayonini ilgari surishda hal qiluvchi rol mintaqaning o‘z davlatlariga tegishli bo‘lishi lozim.
Munozara yakunlarini sarhisob qilar ekan, A. Kamilov mintaqada uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlash mavjud chaqiriqlarning o‘zaro bog‘liqligini hisobga olish, mintaqaviy muloqotni kengaytirish hamda barcha manfaatdor tomonlar ishtirokida muvozanatli yechimlarni izlashni talab qilishini ta’kidladi.