Voqealar
09.03.2026
|
149
Bokudagi ekspertlar maydonida O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlarining istiqbollari muhokama qilindi
2026-yil 19-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasining Bokudagi elchixonasi yangi binosida "O‘zbekiston - Ozarbayjon: ittifoqchilik hamkorligi arxitekturasi" mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Muhokamada O‘zbekiston va Ozarbayjonning yetakchi tahlil markazlari va tadqiqot muassasalari ekspertlari ishtirok etdi. O‘zbekiston tomonidan Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) rahbariyati ishtirok etdi.

Ishtirokchilar O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlarining bugungi holati va hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, iqtisodiyot, investitsiyalar, transport, energetika, ta’lim, fan, madaniyat va raqamli transformatsiyani muhokama qildilar. Ozarbayjonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari (MODRMU) formatiga qo‘shilishi hamda Bokuning Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashdagi roliga alohida e’tibor qaratildi.

MOXI direktori o‘rinbosari Sh.Fayziev O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar ishonchli o‘sishni namoyish etayotganligini ta’kidladi. Izchil rivojlanish hamkorlikning barcha yo‘nalishlarini qamrab oladi: faol siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, shuningdek, gumanitar va ekspertlik o’zaro hamkorlikni chuqurlashtirish.

MOXI vakili davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikning jadallashuvi ekspertlar hamjamiyatini yetakchilar oliy darajadagi shu jumladan TDT va MODRMU kabi ko‘p tomonlama platformalardagi uchrashuvlarini tahliliy qo‘llab-quvvatlashga faol jalb etishni talab qilishini ta’kidlab o‘tdi.

O‘z navbatida, O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchisi B.Ashrafxonov O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning yuqori sur’ati Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Ilhom Aliyev o‘rtasidagi oliy darajadagi faol va ishonchli muloqot tufayli yuzaga kelganini ta’kidladi.

Elchining so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunga qadar Ozarbayjon va O‘zbekistonning 13 ta shahri o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida bitimlar tuzgan va birodarlik munosabatlarini o‘rnatgan. Hukumatlararo komissiya, Ishbilarmonlar kengashi va Davlatlararo kengash yig‘ilishlari muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari A.Ne’matov 2017-yildan boshlab strategik sheriklikdan to‘laqonli ittifoqchilikka tubdan o‘tish amalga oshirilganini ta’kidladi. "2024-yilda Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi uzoq muddatli manfaatlarimizning mos kelishi, asosiy xalqaro masalalar bo‘yicha o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va xavfsizlik, iqtisodiyot va barqaror rivojlanish sohasidagi siyosatni muvofiqlashtirishga tayyorligimizni mustahkamlagan sifatli bosqich bo‘ldi," - deya tushuntirdi ekspert.

O‘z navbatida, ozarbayjonlik ekspertlar yakdillik bilan Ozarbayjonning MODRMUga qo‘shilganidan buyon mamlakat Markaziy Osiyo uchun Yevropaga chiqishning muhim yo‘liga aylandi, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘z aloqalarini mustahkamladi, degan fikrga kelishdi.

Mamlakatlarimiz ilmiy salohiyatini ochish maqsadida Milliy Majlis deputati R. Musabekov qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni faollashtirish zarurligiga e’tibor qaratib, O‘zbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vаzirligi huzuzridagi Innovatsion rivojlanish agentligi va Ozarbayjon Fan jamg‘armasi o‘rtasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidladi.

"Janubiy Kavkaz" siyosatshunoslar klubi rahbari I.Velizadening so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjonda o‘zbek madaniy kontentiga qiziqish mavjud bo‘lib, ular keng auditoriya orasida mashhur. Yuz berayotgan ijtimoiy-madaniy jarayonlarni ikki mamlakat jamoatchiligi yaxshiroq tushunishi uchun madaniy almashinuvni tizimlashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar yakdillik bilan O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlari barqaror ijobiy o’sish bilan tavsiflanishini va ittifoqchilik sherikligini yanada chuqurlashtirish uchun katta salohiyatga ega ekanligini ta’kidladilar. MODRMU platformasida mintaqani mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish va ekspertlar muloqotini izchil rivojlantirish muhimligi alohida qayd etildi.

 

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom