Voqealar
17.04.2025
|
120
Garvard universitetida Yevroosiyo bog‘liqligini mustahkamlash bo‘yicha davra suhbati bo‘lib o‘tdi
AQShdagi Garvard universitetida “Global o‘zgarishlar davrida Yevroosiyo bog‘liqligini ilgari surish” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir Garvard universiteti huzuridagi Devis markazi tomonidan tashkil etildi va Yevroosiyo mintaqasida hamkorlikning yangi chaqiriqlari va imkoniyatlarini muhokama qilish uchun yetakchi ekspertlar, olimlar va tadqiqotchilarni bir joyga jamladi.

Tadbirda Markaziy Osiyo Xalqaro Instituti (MOXI) direktori Javlon Vahabov va Mo‘g‘uliston Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi, taniqli iqtisodchi doktor Avirmed Davaasuren spiker sifatida ishtirok etdilar.

Javlon Vahabov o‘z nutqida transport va energetika infratuzilmasini kengaytirish, savdoni rivojlantirish va ilmiy-analitik muloqotni mustahkamlash yo‘nalishida olib borilayotgan diplomatik va ekspertlar tashabbuslarining muhimligini ta’kidladi.

Alohida e’tibor “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li va Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi kabi infratuzilma loyihalariga qaratildi. Ushbu loyihalar Yevroosiyoning Sharqiy va G‘arbiy qismlari o‘rtasida yuk tashish samaradorligini oshirish, logistika xarajatlarini kamaytirish hamda butun mintaqada transport va iqtisodiy bog‘liqlikni mustahkamlash imkonini beradi.

Doktor Davaasuren esa Mo‘g‘ulistonning Markaziy va Sharqiy Osiyo o‘rtasidagi strategik ko‘prik sifatidagi rolini ta’kidladi hamda xalqaro kun tartibida umumiy manfaatlarni ilgari surishda akademik tashabbuslar va muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlarning ahamiyatini urg‘uladi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar shu kabi muloqot maydonchalari Yevroosiyo bog‘liqligini barqaror rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladilar va fikr almashuvni davom ettirishga katta qiziqish bildirdilar.

Devis markazi – Garvard universiteti huzuridagi dunyoning yetakchi akademik markazlaridan biri bo‘lib, Rossiya, Sharqiy Yevropa va Yevroosiyo mamlakatlaridagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarni o‘rganishga ixtisoslashgan. Markaz ilmiy almashinuv, ekspertlar munozarasi va fanlararo tadqiqotlar uchun muhim maydon hisoblanadi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom