Voqealar
07.03.2026
|
116
Javlon Vaxabov Finlyandiya Prezidenti maslahatchisi bilan uchrashdi
Helsinkiga amalga oshirilgan amaliy tashrif doirasida Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vaxabov Finlyandiya Prezidenti maslahatchisi Ville Brummer bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubbning o‘tgan yil oktabr oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Savdo va investitsiyalar, ta’lim, gumanitar almashinuvlar, tinchlik vositachiligi hamda barqaror rivojlanish sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, “Markaziy Osiyo – Shimoliy Yevropa” yangi platformasi doirasida ko‘p tomonlama o’zaro aloqalarni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Javlon Vaxabov ta’kidlashicha, Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubbning O‘zbekistonga tashrifi Finlyandiya rahbariyatining mamlakatimizga so‘nggi 33 yil ichida amalga oshirgan ilk tarixiy tashrifi bo‘lib, O‘zbekiston– Finlyandiya munosabatlari rivojida yangi sahifa ochdi.

U qiymati 1 milliard yevrodan ortiq bo‘lgan istiqbolli qo‘shma loyihalar portfeli shakllantirilganligini tashrifning muhim natijalaridan biri sifatida qayd etdi. Bu esa savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish uchun katta salohiyat mavjudligini hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi o‘zaro qiziqish ortib borayotganligini ko‘rsatadi.

Tomonlar O‘zbekiston– Finlyandiya sherikligini yanada rivojlantirish hamda yuqori darajadagi siyosiy muloqotni aniq va istiqbolli qo‘shma loyihalarga aylantirishga qaratilgan kelishuvlarni amaliy jihatdan ro‘yobga chiqarish bo‘yicha faol ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom