Suhbat davomida O‘zbekiston va Finlyandiya o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Jumladan, o‘qituvchilarni sifatli tayyorlash hamda zamonaviy ta’lim metodlarini joriy etish borasida Finlyandiyaning xalqaro miqyosda tan olingan tajribasidan foydalanish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Javlon Vaxabov O‘zbekistonda ta’lim mamlakatning uzoq muddatli raqobatbardoshligi va barqaror rivojlanishining muhim asosi sifatida qaralayotganligini ta’kidladi. Shu nuqtai nazardan, maktabgacha ta’lim qamrovi 78 foizga yetgani, oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar soni 1,5 milliondan oshgani hamda mamlakatdagi maktablarning 90 foizdan ortig‘i internet tarmog‘iga ulanganligi qayd etildi.
Shuningdek, O‘zbekistonda ta’lim sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashda Finlyandiyaning muhim o‘rni ta’kidlandi. Jumladan, Toshkent shahrida Finlyandiya modeli asosida tashkil etilgan Nordik xalqaro maktabi tashabbusi, raqamli ta’lim yo‘nalishidagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek ekspertlar almashinuvi, xususan Xelsinkidagi YUNISEF xalqaro innovatsion o’rganish markazi bilan hamkorlik alohida qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kasbiy va pedagogik ta’lim sohasida yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildilar. Xususan, O‘zbekistonlik o‘qituvchilar uchun Finlyandiyada malaka oshirish va tajriba almashish dasturlarini tashkil etish orqali ilg‘or Finlyandiya ta’lim tajribasini o‘rganish masalalari ko‘rib chiqildi.

