Forumda AQSHning yuqori martabali vakillari, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz davlatlari vakillari, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston prezidentlarining maslahatchilari hamda maxsus vakillari, yetakchi kompaniyalar rahbarlari, ekspertlar, shuningdek, ilmiy-tadqiqot va tahliliy doiralar vakillari qatnashdi.
Kaspiy siyosati markazi bosh ijrochi direktori Efgan Nifti o‘zining kirish so‘zida Kaspiy mintaqasi global kun tartibida tobora muhim o‘rin egallayotganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, bugungi bosqichda asosiy vazifa erishilgan kelishuvlarni amaliy natijalarga aylantirishdan iborat.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarida ishtiroki va C6 formatining bosqichma-bosqich shakllanishi Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz umumiy energetika oqimlari, iqtisodiy yo‘laklar va xavfsizlik masalalari orqali tobora yaqin bog‘lanib borayotganini anglatadi.
Javlon Vaxabov O‘zbekiston uchun O‘rta koridor nafaqat tranzit yo‘nalishi, balki logistika xarajatlarini kamaytirish va milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirishning amaliy vositasi ekanini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan mamlakat uchun bu masala alohida ahamiyatga ega. O‘zbekistonning logistika xarajatlari qariyb $8 milliardga baholanadi va ularning muhim qismi mamlakat hududidan tashqarida shakllanadi.
O‘rta koridor katta salohiyatga ega bo‘lishiga qaramay, hozircha qator cheklovlarga duch kelayotgani qayd etildi. Uning joriy o‘tkazuvchanlik quvvati shimoliy yo‘nalish salohiyatining atigi 6 foizi atrofida bo‘lib, Kaspiy dengizi orqali parom tashuvlarini kutish muddati 30–40 kungacha yetishi mumkin. Shu munosabat bilan J. Vaxabov parom qatnovini, port va bojxona infratuzilmasini, raqamli logistika tizimlarini rivojlantirish hamda xalqaro hamkorlarni, jumladan, AQSHni ushbu jarayonlarga jalb etish muhimligini ta’kidladi.
AQSH Senatidagi Markaziy Osiyo bo‘yicha kokus hamraisi, Montana shtatidan senator Stiv Deyns Kaspiy mintaqasi va Markaziy Osiyoning AQSH tashqi siyosati uchun strategik ahamiyatini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington mintaqa bilan munosabatlarning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda va bu bosqichda aniq natijalar ustuvor bo‘lishi lozim. Xususan, Jekson–Venik tuzatishi bilan bog‘liq eskirgan cheklovlarni bekor qilish, infratuzilma, energetika, muhim mineral resurslar va uzoq muddatli investitsiyalar sohalarida hamkorlikni rivojlantirish muhim yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.
Qozog‘iston Prezidentining AQSH bilan muzokaralar bo‘yicha vakili Erjan Kazyhan Kaspiy mintaqasi XXI asrning muhim chorrahalaridan biriga aylanib borayotganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, energetika oqimlari, transport yo‘nalishlari, raqamli bog‘liqlik, muhim mineral resurslar hamda Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi hamkorlik AQSH va boshqa tashqi hamkorlar bilan yangi strategik hamkorlik makonini shakllantirmoqda.
Ozarbayjon Prezidenti yordamchisi Hikmet Hajiyev arman-ozarbayjon mojarosi tartibga solinganidan so‘ng yanada kengroq mintaqaviy arxitekturani shakllantirish uchun yangi imkoniyatlar ochilayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘rta koridor, Naxchivon bilan bog‘liqlik, C6 formati va Turkiy davlatlar tashkiloti Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida transport bog‘liqligi, savdo va ishonchni mustahkamlashning muhim omillariga aylanmoqda.
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidentining xalqaro tashabbuslar bo‘yicha maxsus vakili, Qirg‘izistonning AQSHdagi elchisi Edil Baisalov Markaziy Osiyo xalqaro maydonda shakllanishning yangi bosqichiga kirayotganini qayd etdi. U 2029-yilgacha qurib bitkazilishi kutilayotgan Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li butun mintaqa uchun strategik transformatsiya loyihasiga aylanishi, yangi transport, iqtisodiy va mineral-xomashyo imkoniyatlarini ochishi mumkinligini ta’kidladi.
Yakunda ishtirokchilar Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazdagi bugungi dinamik jarayonlar mintaqaviy bog‘liqlikni mustahkamlash, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va AQSH bilan uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratayotganini qayd etdilar.