Voqealar
13.03.2026
|
327
Javlon Vaxabov Oslo shahrida Nordic Innovation tashkilotida uchrashuv o‘tkazdi
Osloga amalga oshirilgan xizmat safari doirasida MOXI direktori Javlon Vaxabov Nordic Innovation tashkilotining katta maslahatchisi Jonas Leppanen bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida Shimoliy Yevropa davlatlarining innovatsion rivojlanish sohasidagi raqobat ustunliklari, xususan yangi innovatsion loyihalarni yo‘lga qo‘yish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tajribasi hamda kvant texnologiyalari kabi istiqbolli yo‘nalishlarni o‘zlashtirish borasidagi yondashuvlari muhokama qilindi. Shuningdek, ushbu tajribani Markaziy Osiyo mamlakatlarida qo‘llash imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.

Markaziy Osiyo mamlakatlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga o‘tish jarayonlari hamda iqtisodiyotlarni dekarbonizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan dasturlar orqali “yashil” energetika sohasidagi texnologiyalarni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Javlon Vaxabov Markaziy Osiyo mintaqasi qayta tiklanuvchi energiya sohasida katta salohiyatga ega ekanligini, xususan quyosh va shamol energiyasi bo‘yicha ulkan resurslar hamda “yashil” vodorod ishlab chiqarish istiqbollari mavjudligini ta’kidladi.

O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturlar amalga oshirilayotganligi, jumladan, so‘nggi yillarda 20 milliard yevrodan ortiq investitsiya jalb qilinib, yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushirilayotganligi ta’kidlandi.

Shu bilan birga, tomonlar Shimoliy Yevropa davlatlari bilan energetika tarmoqlarini modernizatsiya qilish, “aqlli” energiya tizimlarini rivojlantirish, elektr energiyasi bozorlarini tashkil etish bo‘yicha tajriba almashish, shuningdek “yashil” energetika sohasida texnologik o’zaro aloqalar va kadrlar tayyorlash yo‘nalishlarida hamkorlik istiqbollarini ham muhokama qildilar.

Nordic Innovation – bu Shimoliy Vazirlar Kengashi tizimidagi hukumatlararo tashkilot bo‘lib, Daniya, Finlyandiya, Islandiya, Norvegiya va Shvetsiya o‘rtasida innovatsiyalarni rivojlantirish, barqaror iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish hamda biznes hamkorligini kengaytirishga xizmat qiladi. Tashkilot mintaqaning raqobatbardoshligini oshirish va “yashil” transformatsiyani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shma loyihalar, yangi texnologiyalar va tashabbuslarni ilgari suradi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom