Tadbirda AQSh, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjonning yetakchi davlat va nodavlat tahlil markazlari rahbarlari hamda ekspertlari, shuningdek, mintaqada faoliyat yuritgan AQShning sobiq elchilari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida Markaziy Osiyo, Ozarbayjon va AQSh o‘rtasidagi C5+1 formati doirasida, jumladan tahlil markazlari yo‘nalishida ko‘p tomonlama o’zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Ishtirokchilar C5+1 formati doirasida Markaziy Osiyo va AQSh o‘rtasidagi diplomatik aloqalar sezilarli darajada faollashib borayotgan bir sharoitda, ushbu muloqotga tahlil markazlarini yanada faol va tizimli tarzda jalb etish alohida ahamiyat kasb etayotganligini ta’kidladilar.

Shu nuqtai nazardan, Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vaxabov tahlil markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish va institutsionallashtirish maqsadida mavjud platformalardan, jumladan “Markaziy Osiyo – AQSh” tahlil markazlari forumidan faol foydalanish zarurligini ta’kidladi. Uning fikricha, mavjud platformalar ko‘p tomonlama muloqotni ekspertlik jihatidan qo‘llab-quvvatlash va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish uchun barqaror maydonga aylanishi mumkin.

Shuningdek, tahlil markazlari faoliyatida global va mintaqaviy transformatsiyalarni inobatga olish muhimligi qayd etildi. Shu munosabat bilan, Ozarbayjonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari orqali mintaqaviy hamkorlik platformasiga qo‘shilishi sharoitida Ozarbayjon tahlil markazlarini mintaqalararo muloqotga jalb etish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Javlon Vaxabovning so‘zlariga ko‘ra, bunday yondashuv Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi mintaqaviy bog‘liqlik va transport-logistika yo‘laklarini rivojlantirish istiqbollarini yanada chuqur va kompleks tahlil qilish imkonini beradi.

Ishtirokchilar, shuningdek, bugungi kunda Markaziy Osiyoda transformatsiya jarayonlari jadal sur’atlarda kechayotganligini va mintaqa C5+1 formati shakllangan davr, ya’ni o‘n yil avvalgi holatidan tubdan farq qilishini qayd etdilar.
Ularning ta’kidlashicha, aynan shu ijobiy o‘zgarishlar AQSh va boshqa tashqi hamkorlar bilan o‘zaro aloqalarni faollashtirish uchun qulay sharoit yaratdi. Oq uyda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – AQSh” oliy darajadagi uchrashuvi buning yaqqol tasdig‘idir.
Xulosa o’rnida Javlon Vaxabov yetarli siyosiy iroda, barqaror muloqot va tahlil markazlarning faol ishtiroki mavjud bo‘lgan taqdirda C5+1 formatining istiqbollari ijobiy suratda izchil rivojlanib borishi, ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlashi hamda Markaziy Osiyoning AQSh uchun ishonchli hamkor sifatidagi rolini kuchaytirishini ta’kidladi.
