Voqealar
06.02.2024
|
246
“K-water” Markaziy Osiyo filiali direktori bilan uchrashuv haqida
Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vahobov Koreya suv resurslari korporatsiyasi (“K-water”) Markaziy Osiyo filiali direktori Li Chay Ku bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda Markaziy Osiyodagi suv resurslari va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq mavjud vaziyat yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Tomonlar suv resurslaridan foydalanish samaradorligini ularning qisqarishi fonida oshirish muhimligini qayd etdilar.

K-Water kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyati to‘g‘risida vakolatxona rahbari birinchi navbatda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimini yaxshilash, suv ta’minoti operatorlarining kasbiy salohiyatini oshirish hamda issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga, transchegaraviy suv resurslaridan foydalanishdagi muammolarni hal qilishda ko‘maklashishga qaratilgan beshta yirik loyihaning amalga oshirilishi haqida ma’lumot berdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida suv ta’minoti tizimini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, Toshkent shahrida suv ta’minoti va kanalizatsiya samaradorligini oshirish shular jumlasidan eng muhimi sifatida qayd etildi.

Shu munosabat bilan Li Chay Ku mutaxassislarni Janubiy Koreyaning suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv sifatini nazorat qilish, suv toshqinlarining oldini olish va gidroelektr stansiyalari qurilishida innovatsion texnik yechimlar sohasidagi ilg‘or tajribasi bilan tanishtirishda kelgusida texnik yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuvda suv resurslarini boshqarish sohasida kadrlar malakasini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. “K-Water” kompaniyasining O‘zbekiston vazirlik va idoralari uchun maxsus kurslar va treninglar tashkil etish, shuningdek, O‘zbekistondagi ixtisoslashtirilgan oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida suv resurslarini kompleks boshqarish va “yashil” energetika sohasida innovatsion tanlov o‘tkazish bo‘yicha olib borayotgan ishlari yuqori baholanadi va qo‘llab-quvvatlanadi.

Suhbat yakunida oʻzaro manfaatli sohalar boʻyicha tajriba va fikr almashish maqsadida doimiy asosda aloqalarni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Eslatib oʻtamiz, K-water - Janubiy Koreyaning suv resurslarini kompleks rivojlantirish hamda aholi va sanoatni suv bilan taʼminlash boʻyicha davlat agentligi boʻlib, 1967 yilda tashkil etilgan. Agentlik faoliyat sohasi suv resurslaridan kompleks foydalanish, shuningdek qayta tiklanuvchi energiya manbalari ob’ektlarini qurish, ulardan foydalanish va boshqarish hisoblanadi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom